Sevil Yo‘ldosheva Ispaniyada barchani lol qoldirmoqda
Ispaniyaning Madrid shahrida tennis bo‘yicha W15 tasnifiga kiruvchi “Internacional Brezo Osuna – 2026” xalqaro turniri yakkalik bahslari ilk bosqichidan hamyurtimiz Sevil Yo‘ldosheva muvaffaqiyatli o‘tdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Sevil Yo‘ldosheva mukofot jamg‘armasi 15 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur musobaqaning asosiy to‘ri birinchi davrasida shveysariyalik Sofi Lyusherga qarshi o‘yin o‘tkazib, yakunda 6:2, 7:5 hisobida zafar quchdi. Endi tennischimiz chorak final ostonasida chexiyalik Emma Slavikovaga qarshi kortga chiqadi.
Shuningdek, turnirning juftlik bellashuvlarida Sevil Yo‘ldosheva ruminiyalik Mariya Toma bilan duetda yarim final yo‘llanmasi uchun ispaniyalik tennischilar Judit Ernandes Miranda hamda Paola Ortega Redondo tandemini sinovdan o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA