Sirdaryolik yosh shaxmatchilar g‘oliblar safida
Toshkent shahridagi Xalqaro shaxmat akademiyasida yoshlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempionati start oldi. Mazkur musobaqa mamlakatimizda shaxmatni ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni saralab olish va ularning mahoratini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Quvonarlisi, ushbu nufuzli musobaqada Sirdaryo viloyati vakillari ham munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etmoqda. Jumladan, standart yo‘nalishda kechgan bahslarda Malika Jumayeva va Lazizbek Shavkatov medallarni qo‘lga kiritdi.
Lazizbek Shavkatov 12 yoshgacha bo‘lgan toifada ishtirok etib, 9 ta o‘yindan 7,5 ball jamg‘ardi va yakunda faxrli 1-o‘rinni egallab, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bu natija uning yuqori tayyorgarligi va musobaqadagi barqaror o‘yinining yorqin ifodasi bo‘ldi.

Malika Jumayeva esa 18 yoshgacha bo‘lgan toifada ishtirok etib, musobaqa yakuniga ko‘ra bronza medalni qo‘lga kiritdi. Uning bu yutug‘i Sirdaryo shaxmat maktabining salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Qayd etish joizki, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda shaxmatga bo‘lgan e’tibor ortib, yoshlar o‘rtasida xalqaro darajadagi natijalar ham ko‘paymoqda.
Eslatib o‘tamiz, musobaqa 12-aprelga qadar davom etadi va unda yana bir qator qiziqarli bahslar kutilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA