Butunjahon taekvondo federatsiyasi Bosh Assambleyasi yaqori saviyada o‘tkazildi
Toshkent shahrida Butunjahon taekvondo federatsiyasining (World Taekwondo) Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi.Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmanov ishtirok etib, taekvondo mamlakatimizda ustuvor sport turlaridan biri sifatida jadal rivojlanayotganini ta’kidladi.
Bosh Assambleyada sportni boshqarish, qoidalarni takomillashtirish va xalqaro musobaqalarni rivojlantirishga qaratilgan qator muhim qarorlar qabul qilindi.

Yig‘ilish davomida tashkilotning nizomi, musobaqa qoidalari va ularning talqini, halollik (etika) kodeksi, intizomiy choralar va apellyatsiya tartiblariga oid hujjatlarga o‘zgartishlar kiritilib, tasdiqlandi. Mazkur yangilanishlar taekvondoning nafaqat sport jihatidan, balki huquqiy va institutsional asoslarini ham mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Ushbu qarorlar tashkilot faoliyatida shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirish, nizolarni hal etish mexanizmlarini takomillashtirish hamda intizomiy nazorat tizimini yanada samarali qilishga xizmat qiladi.

Xususan, amaldagi intizomiy kodeksga muvofiq, tashkilot qoidalar buzilishini tekshirish, tergovchilar tayinlash va zarur ma’lumotlarni talab qilish vakolatiga ega bo‘lib, yangi o‘zgarishlar ushbu jarayonlarni yanada aniq va tizimli shaklga keltiradi.
Toshkentdagi yig‘ilishlar doirasida 2025–2026-yillar uchun operatsion va moliyaviy hisobotlar ham tasdiqlandi. Shu bilan birga, xalqaro musobaqalar taqvimiga oid qarorlar qabul qilinib, 2027-yilgi “Grand Prix Challenge” musobaqalarining bosqichlari Pune va Samarqand shaharlarida o‘tkazilishi belgilandi. 2028-yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati esa Lima shahrida tashkil etiladi.
Mazkur tadbirlarda Butunjahon taekvondo federatsiyasi rahbari Chungvon Choy poytaxtimizda o‘tadigan musobaqaning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uni taekvondo rivojida burilish nuqtasi sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, chempionatning zamonaviy infratuzilma, xalqaro standartlarga mos ravishda o‘tkazilishi alohida e’tiborga loyiq.

Shuningdek, Butunjahon taekvondo federatsiyasi texnik direktori Filipp Buedo Xitoyning Usi shahridagi Bosh Assambleyada tasdiqlangan va ilk bor Toshkentdagi chempionatda qo‘llanilayotgan yangi qoidalarni e’lon qildi.
Jumladan, aylanma bosh zarbasi uchun beriladigan ball 5 dan 6 gacha oshirildi, bosh qismiga berilgan zarbalar bo‘yicha video takroriy so‘rovlar bekor qilindi. Bu esa bellashuvlarni yanada shiddatli va uzluksiz o‘tkazishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qayd etish joiz, Toshkent mezbonlik qilayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati tarixdagi eng yirik musobaqalardan biriga aylanmoqda. Unda 986 nafar sportchi, 115 ta mamlakat vakillari hamda 500 dan ortiq rasmiy shaxslar ishtirok etayotir. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro sport maydonidagi nufuzi tobora ortib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan Bosh Assambleya taekvondoning global rivojlanish yo‘llarini belgilab berib, boshqaruv, halollik va huquqiy tartib-qoidalarni yanada takomillashtirishda muhim bosqich bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA