Sirdaryoda qurilish loyihalariga talab oshadi
Sirdaryo viloyatida qurilish va shaharsozlik sohasida sifat va mas’uliyatni oshirishga qaratilgan yangi yondashuv amaliyotga joriy etilmoqda. Joriy yil 14-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida hududlarda loyihalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash tartibi yanada kuchaytirildi.
Sirdaryo viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida o‘tgan qurilish va arxitektura-shaharsozlik kengashi yig‘ilishida mazkur masala atroflicha muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, endilikda faqat “qog‘ozda jozibador” bo‘lgan, ammo amalda aholi ehtiyoji va zamonaviy talablarga javob bermaydigan loyihalarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.

Ma’lum qilinishicha, hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi tarkibi qayta shakllantirildi. Yangi tartibga ko‘ra, viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan har bir qurilish loyihasi avval mazkur kengash muhokamasidan o‘tadi. Kengashning ijobiy xulosasisiz birorta qurilish ishlarini boshlashga ruxsat etilmaydi.

Kengash faoliyati doimiy asosda tashkil etildi: har haftaning dushanba kuni loyihalar ochiq muhokama qilinib, ularning shaharsozlik me’yorlari, infratuzilma yechimlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va aholi uchun qulaylik darajasi chuqur tahlil qilinadi. Ilgari kuzatilgan “o‘tkazib yuborish” amaliyotiga barham berildi.

Yangi tarkibdagi dastlabki yig‘ilishda Guliston shahridagi Sayqal mahallasi renovatsiya loyihasi, “Yangi O‘zbekiston bog‘i” master-rejasi hamda Taraqqiyot mahallasidagi 43 gektarlik yangi shaharcha loyihasi ko‘rib chiqildi.
Mutaxassislar tomonidan mazkur loyihalar yo‘l infratuzilmasi, yashil hududlar ulushi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy qulayliklar nuqtayi nazaridan tahlil qilindi. Biroq taqdim etilgan ayrim loyihalar belgilangan me’yor va talablarga to‘liq javob bermasligi aniqlandi.

Shu munosabat bilan kengash a’zolari tomonidan loyiha mualliflari va buyurtmachilarga nisbatan qat’iy e’tirozlar bildirilib, ularni qayta ishlash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi. Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, ko‘rib chiqilgan barcha loyihalar takomillashtirish uchun qaytarildi.
Qayd etilganidek, endilikda har bir loyihaning bosh mezoni inson manfaatini ta’minlashdir. Yashil hududlarni kengaytirish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish va aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish shaharsozlik siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanmoqda.
Yangi yondashuvga ko‘ra, shaharsozlik faqat yangi binolar barpo etish bilan cheklanmaydi. U, avvalo, aholi uchun xavfsiz, qulay va barqaror hayot muhitini shakllantirishga xizmat qilishi lozim. Shu bois, Sirdaryoda har bir loyiha, yig‘ilishda ta’kidlanganidek, sifat va mas’uliyat mezonlari asosida baholanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri