“Alanga – 2026” Ikkinchi xalqaro festivali davom etmoqda
Toshkent yana bir yirik xalqaro san’at bayramiga mezbonlik qilmoqda. Xususan, poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston bolalar tashkiloti hamda “Art Models and Event Group” hamkorligida “Alanga – 2026” Ikkinchi xalqaro bolalar festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Sadoqat, shijoat va san’atni o‘zida mujassam etgan ushbu festival nafaqat yurtimiz, balki butun dunyo yoshlari intiqib kutgan voqeaga aylandi. Mazkur nufuzli tadbirda ishtirok etish uchun dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan mehmonlar, taniqli san’at arboblari va yosh iqtidor sohiblari ishtirok etdi.
[gallery-28932]
Asosiy g‘oyasi yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yashirin qobiliyatlarini yuzaga chiqarish va xalqaro miqyosda o‘zaro tajriba almashish uchun mustahkam ko‘prik qurishdan iborat bo‘lgan festivalda ishtirokchilar vokal, raqs, aktyorlik mahorati va modellik yo‘nalishlarida o‘z mahoratlarini namoyish etadi.
“Alanga – 2026” — bu shunchaki musobaqa emas, bu - do‘stlik, birlik va yoshlik bayrami. Iste’dodlar alangasi Toshkent osmonida yanada balandroq porlashiga ishonamiz. Zero, bugun kashf etilayotgan yoshlar — ertangi jahon san’atining yorqin yulduzlari.
Gulnoza Boboyeva,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA