She’riyatning nafis ovozi
Bugun milliy adabiyotimizda ayol-qizlar erkaklardan sira qolishmasdan, balki ko‘plab sohalarda ulardan-da peshqadam bo‘lib ijod qilmoqda. O‘zbekiston xalq shoirasi Sharifa Salimova so‘z san’atimizning zabardast namoyandalaridan biri, nasr va nazm, badiiy publitsistika hamda tarjima sohasida birdek samarali ijod qilayotgan jonfido, jonkuyar va zahmatkash qalam sohibasidir.
Sharifa Salimova o‘zbek she’riyatida o‘zining nafis ovozi, milliy ruhi va ijtimoiy salmog‘i bilan alohida maqomga ega bo‘lgan ijodkor.
Sharifa Salimova 1951-yil 30-dekabrda Toshkent viloyatining so‘lim va maftunkor maskanlaridan biri — Parkent tumanida ziyoli oilada tavallud topgan. Uning otasi adabiyotga mehri baland, so‘z sehrini chuqur his qiladigan o‘qimishli inson, onasi esa olti farzandni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan mehnatkash ayol edi.

Parkentdek go‘zal tabiat qurshovida kamolga yetgan yosh iste’dod sohibasining qalbida adabiyot va she’riyatga bo‘lgan muhabbat jo‘sh urgan. Sharifa Salimova maktab yillaridayoq tumanning «Sur’at» gazetasida ilk she’rlari bilan ko‘rinish bera boshladi.
Ijodga bo‘lgan ishtiyoq uni Toshkent davlat universiteti - hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetiga yetaklab keldi. 1969–1974-yillardagi tahsil davri uning nafaqat dunyoqarashini kengaytirdi, balki adabiyot olamiga dadil kirib kelishiga ham mustahkam zamin yaratdi.
Sharifa Salimova o‘tgan asrning 70–80-yillarida adabiyot maydoniga xalq va Vatan taqdiri, ayol qalbi iztiroblarini yuksak pardalarda kuylab kirib keldi. Uning she’rlarida sof tuyg‘ular, ilohiy ishq va hayotiy falsafa shunday uyg‘unlashganki, har bir satr o‘quvchini o‘ziga maftun etadi. Ustoz shoir Abdulla Oripov shoiraning «Hizr bulog‘i» dostonini yuksak baholab, uni «ona qalbi va ayol mehri durlari kabi tiniq» deb ta’riflagan edi.
Universitetni tamomlagan yosh ijodkor mehnat faoliyatini O‘zbekiston davlat teleradio qo‘mitasining «Vatandosh» radiostansiyasida kichik muharrir sifatida boshladi va o‘z mehnati hamda iqtidori bilan bo‘lim boshlig‘i lavozimigacha bo‘lgan sharafli yo‘lni bosib o‘tdi.
Keyinchalik Sharifa Salimova «Saodat» jurnali, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni (hozirgi Prezident Administratsiyasi), Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kabi nufuzli tashkilotlarda samarali faoliyat yuritdi.
«Hayot zavqi» nomli kitob shoiraning ilk she’riy to‘plami bo‘lib, unda yoshlik, go‘zallik va ezgu orzular tarannum etilgan. Shuningdek, uning go‘zallik va sog‘inch tuyg‘ularini aks ettirgan «Mening bahorim», istiqlol arafasidagi qalb kechinmalarini ifodalagan «Yetti oqqush», Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligiga bag‘ishlangan «Hizr bulog‘i», yurt va ko‘ngil madhi mujassam bo‘lgan «Tongga qasam» va «Vatan suvrati», inson qadr-qimmati hamda ma’naviy poklik haqidagi falsafiy mushohadalar jamlangan «Vafoning iffat yo‘li» kabi kitoblari adabiyot muxlislariga yaxshi tanish.
Shoiraning qalamidan to‘kilgan ko‘plab durdona asarlar she’riyat ixlosmandlari qalbidan mustahkam o‘rin olgan.
Ijodkorning «Qabohat saltanati yoxud qor qo‘ynida lolalar» nomli she’riy romani sho‘rolar tuzumi davridagi mash’um repressiyalar qurboni bo‘lgan yuzlab jabrdiyda ayollar qismatining badiiy solnomasidir. Mazkur asarda 1930-yillardagi shafqatsiz qatag‘on qurbonlari bo‘lgan jadid ayollar va hurfikr millatdoshlarimizning fojiali taqdiri hayot haqiqatiga tayangan holda ta’sirchan va badiiy tarzda yoritilgan. Ushbu asar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘tkazgan nufuzli adabiy tanlovda birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan.
Sharifa Salimova nafaqat shoira, balki mahoratli publitsist va tarjimon hamdir. U jahon adabiyotining sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qildi. O‘z navbatida, uning asarlari rus, ozarbayjon, tojik, qoraqalpoq va nemis tillariga tarjima qilinib, xalqaro miqyosda ham munosib e’tirof etildi.
Shoiraning o‘zbek madaniyati, ma’rifati va adabiyoti rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi davlatimiz tomonidan munosib qadrlandi. U 1993-yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» faxriy unvoni, 2018-yilda esa «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, Sharifa Salimova «O‘zbekiston xalq shoirasi» faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.
— Mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar jarayonida ijod ahliga qaratilayotgan yuksak e’tibor insonni cheksiz ruhlantiradi, — deydi O‘zbekiston xalq shoirasi Sharifa Salimova. — Inson mehnatining, ijodkor qalbi iztiroblarining qadrlanishi katta baxtdir. Shunday tinch, ijod qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, adabiyot va ijodkorlarni qadrlaydigan yurtda yashash va ijod etish katta baxt.
Ona-Vatan nafasi, mushfiq o‘zbek ayolining iffati, milliy g‘urur va ilohiy nafosat mujassam bo‘lgan she’rlari bilan xalq mehrini qozongan ardoqli shoiramizning adabiy merosi hamisha ma’naviyat va ma’rifat manbai bo‘lib xizmat qilaveradi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri