Ma’naviyat – taraqqiyot poydevori
Umummilliy taraqqiyotning ijtimoiy-ma’naviy masalalari milliy qadriyatlar va til, yoshlar tarbiyasi, madaniyat va san’at rivoji, ijtimoiy barqarorlik hamda korrupsiyaga qarshi kurash kabi omillar bilan bevosita bog‘liq.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilgan “Umummilliy taraqqiyotning ijtimoiy-ma’naviy masalalari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida ana shu masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur anjuman “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Anjumanda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, professor Olimjon Davlatov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Botu Alimov va boshqalar bugungi globallashuv hamda shiddatli axborot xurujlari sharoitida milliy o‘zlikni saqlab qolish va jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
[gallery-29755]
Dunyoda mafkuraviy kurashlar keskinlashayotgan bir sharoitda yoshlar ongini yot g‘oyalardan himoya qilish, oila va mahalla institutini mustahkamlash hamda milliy qadriyatlarni zamonaviy rivojlanish tamoyillari bilan uyg‘unlashtirish davlat va jamiyat oldidagi muhim strategik vazifalardan hisoblanadi.
Anjuman ana shunday dolzarb tahdidlarga qarshi ilmiy asoslangan ma’naviy qalqon yaratish va umummilliy yuksalishning yangi konseptual yondashuvlarini ishlab chiqishga qaratildi.
Tadbir yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada takomillashtirish, milliy qadriyatlar va zamonaviy rivojlanish tamoyillarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi.
Yalpi majlisda mamlakatimizning yetakchi olimlari va ekspertlari Yangi O‘zbekistonning ma’naviy va siyosiy taraqqiyotiga bag‘ishlangan ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida sohadagi dolzarb muammolar yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Eng yaxshi ilmiy ishlanmalar maxsus konferensiya materiallari to‘plamida chop etildi.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA muxbirlari