Shaxmat: G‘alaba ortidan kelgan quvonch yangi muvaffaqiyatlarga yo‘l ochadi
Bugun erta tongda Serbiyaning Vrnyachka-Banya shahrida 8–18 yosh toifalarida shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan yosh shaxmatchilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Kutib olish marosimida ishtirok etgan Yoshlar ishlari agentligi direktori, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev, Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova, ota-onalar, murabbiylar va keng jamoatchilik vakillari yosh sportchilarimiz qo‘lga kiritayotgan yutuqlar, mazkur jahon chempionatida ham vakillarimiz munosib natija qayd etganini ta’kidladi.

Jahon chempionati yakunlariga ko‘ra, terma jamoamiz rapid va blits yo‘nalishlarida 1 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medalini, murakkab shaxmat masalalarini yechishda 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu yutuqlar ortida yoshlarimizga ko‘rsatilayotgan e’tibor, moddiy va ma’naviy qo‘llov bilan birga, o‘zbek farzandlarining chuqur bilimi, ruhiy quvvati mujassamligi e’tirof etildi.

Blits yo‘nalishining o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqalarida terma jamoamiz a’zolaridan 8 yoshli Muhammadyusuf Bahromov 7,5 ochko bilan 4-o‘rinni, 10 yoshli Islombek Husanov 8,5 ochko bilan 3-o‘rinni, 16 yoshli Humoyun Bekmurodov 8,5 ochko bilan 2-o‘rinni, 18 yoshli Muhammadzohid Suyarov 7,5 ochko bilan 4-o‘rinni egalladi.

Qizlar o‘rtasidagi blits bahslarida Afruza Hamdamova 9 ochko bilan kumush, 10 yoshli Farzonabonu Bozorova 8,5 ochko bilan kumush, 12 yoshli Husnoraxon Husniddinova 7,5 ochko bilan bronza medallariga ega chiqdi. Shuningdek, rapid yo‘nalishida Afruza jahon chempionligini qo‘lga kiritgani, Islombek Husanov bronza, Husnoraxon Husniddinova masalalar yechish yo‘nalishida kumush medalga egalik qilgani yurtimizda chempionlarning yangi “oltin avlodi” yetishib kelayotganining yorqin ifodasi, deyish mumkin.

Aeroportda boshlangan tantanalar endi yosh chempionlarimizning mahallalarida, xonadonlarida davom etadiki, bu, g‘alaba quvonchi aholi orasida sog‘lom turmush tarzi, shaxmatga qiziqish ortishi, ertangi kunning yanada nurli bo‘lishi yo‘lida izlanadigan, intiladigan insonlar safi kengayishiga zamin yaratadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA