Sharof Rashidov tumanida 3,1 milliard so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani aniqlandi
Hozirgi kunda mamlakatda energetika resurslaridan, jumladan, tabiiy gazdan samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlash, noqonuniy iste’mol holatlarining oldini olish hamda tizimda shaffoflikni kuchaytirish bo‘yicha tizimli nazorat ishlari amalga oshirilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida o‘tkazildi. Unda tumanidagi “Ch.Y.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida (AGTKSH) o‘rganish ishlari olib borildi.
Tekshiruv davomida ushbu AGTKSHdagi hisoblash uskunasiga o‘zboshimchalik bilan tashqi ta’sir o‘tkazilgani aniqlandi. Bu holat tufayli tabiiy gaz iste’moli hisob-kitoblarida buzilishlar sodir etilgani ma’lum bo‘ldi.
Holat bo‘yicha belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi. Unga asosan davlat va tegishli tashkilotlarga 3 milliard 166 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
“Hududgazta’minot” AJ axborot xizmatining xabar berishicha, barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA