Nukusda O‘zbekiston notariuslarining III Milliy kongressi bo‘lib o‘tdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida O‘zbekiston notariuslarining “Ijro xatlari va dalillarni ta’minlash: rasmiylashtirish, muammolar va takliflar” mavzusida III Milliy kongressi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Yuristlar malakasini oshirish instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi kabi o‘nga yaqin tashkilot va muassasa vakillari, shuningdek, 350 nafardan ziyod notarius ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda O‘zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov, Xalqaro notariuslar Ittifoqi Prezidenti David Figuyeroa Markes hamda Qirg‘iz Respublikasi Notarial palatasi rahbari Simbat Risqulova so‘zga chiqib, mazkur anjumanning mazmun-mohiyati va ahamiyati, notariat sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda notariuslar faoliyatida uchrayotgan ayrim muammolarga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, tizimda olib borilayotgan izchil islohotlar, avvalo, inson manfaatini ta’minlashga qaratilgan. Xususan, korrupsiyaning oldini olish, ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish, aholiga tezkor, qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish asosiy maqsad etib belgilangan. Ayniqsa, sohaning jadal raqamlashtirilishi natijasida yangi notarial harakatlar amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Kongressda yangi notarial harakatlar — ijro xatlari va dalillarni ta’minlash bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi. Bu borada Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi vakili Umid Valiyev “Ijro xatlarini yozish jarayonini raqamlashtirish: amaliyot, muammolar va takliflar”, Toshkent viloyati Zangiota tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius O‘tkirjon Muxtorov “Ijro xatlarini yozish: amaliyot, muammolar, takliflar”, MIB Huquqni ta’minlash va xalqaro huquqiy aloqalar bo‘limi bosh inspektori Zafarbek Atadjanov “Notarius ijro xatlari ijrosini ta’minlash: amaliyot, muammolar, takliflar”, Nukus shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Aruxan Ametova “Dalillarni ta’minlash: amaliyot, muammolar, takliflar”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi Yerkin O‘teniyazov “Ijro xatlari hamda dalillarni ta’minlash bo‘yicha sud amaliyoti” mavzularida ma’ruza qildi.
Kongressda ko‘tarilgan ikkinchi muhim masala — dalillarni ta’minlash mavzusiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda internet va raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir sharoitda shaxsning daxlsizlik huquqlarini himoya qilishda notarial tartibda dalillarni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– O‘zbekistonning Xalqaro notariuslar Ittifoqiga a’zo bo‘lganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q va u xalqaro notariat hamjamiyatidagi nisbatan yosh tizimlardan biri hisoblanadi. Biroq g‘ayrat, sadoqat va professional yondashuv mavjud bo‘lgan joyda institutsional yosh hech qanday to‘siq bo‘la olmaydi. O‘zbekiston notariati Ittifoqimiz uchun faol va kuchli notariuslar jamiyati ekanini allaqachon isbotladi, – dedi Xalqaro notariuslar Ittifoqi Prezidenti David Figuyeroa Markes.
[gallery-29706]
Kongress yakunida bugungi kunning dolzarb masalalari yuzasidan takliflar tinglanib, ularni amaliyotga joriy etish istiqbollari belgilab olindi. Ikki kun davom etgan anjuman ishtirokchilari Orolbo‘yining diqqatga sazovor joylari bilan tanishishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.