Senatda prokuratura va odil sudlov bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining prokuratura organlarining 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, prokuratura organlari tomonidan hisobot yilida ijtimoiy sohadagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda kambag‘allikni qisqartirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, Bosh prokuraturaga biriktirilgan 7 loyiha doirasida 2025-yil davomida 4,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejasi amalda 5,3 milliard dollarga yoki 117 foizga bajarilgan.
Yashirin iqtisodiyotga barham berish va biznesni soyadan chiqarishga qaratilgan tadbirlar doirasida “Raqamli bozor” va “Parking Management System” dasturlari asosida raqamlashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilib, hisobot yilining o‘zida doimiy faoliyat yuritayotgan 157 dehqon bozori hamda 151 avtoturargoh faoliyati to‘liq raqamlashtirilgan.
Prokurorlarning sudlardagi ishtiroki, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan choralar, jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashish, tergov va tezkor-qidiruv faoliyati bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Senatorlar tomonidan prokuratura organlarining amalga oshirgan ijobiy ishlari bilan bir qatorda, faoliyatning ayrim yo‘nalishlarida nazoratni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Qonun bilan Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslarga, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlariga nizosiz talablar bo‘yicha sud buyrug‘ini chiqarish doirasini qisqartirish, notariat faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish va notarial harakatlar uchun undiriladigan to‘lovlarni maqbullashtirish, shuningdek, qonuniy kuchga kirgan sud hujjati ustidan shikoyat qilinganda uning ijrosini yuqori instansiya sudida to‘xtatib turish mexanizmini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

“Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi qonunda “sudyalar hamjamiyati organlari” atamasi amaldagi hujjatlarda qo‘llanib kelinayotgan bo‘lsa-da, ularning yaxlit huquqiy maqomini, vazifa va funksiyalarini hamda boshqa idoralar bilan hamkorlik qilish mexanizmlarini belgilovchi alohida qonun hujjati mavjud bo‘lmagan.
Yangi qonun bilan sohadagi mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida sudyalar hamjamiyati organlarining turlari, huquqiy maqomi, ularni tashkil etish tartibi, vazifa va funksiyalari, shuningdek sudyalarning oliy malaka va malaka hay’atlarini shakllantirish, malaka darajalarini berish hamda intizomiy javobgarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqishning aniq mexanizmlari belgilanmoqda. Sud tizimida esa sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyillari keng joriy etilib, ularning vakolatlarini to‘xtatib turish va muddatidan ilgari tugatish jarayonlari shaffoflashtirilmoqda.
Qonunning amalga oshirilishi sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlashga, sudyalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu esa odil sudlov sifatini oshirish bilan birga, O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yanada yaxshilaydi.
Senatorlar, mahalliy kengashlar doimiy komissiyalari raislari, ekspertlar guruhi a’zolari, qonun tashabbuskorlari, manfaatdor vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillari ishtirok etgan tadbir yakunida qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA