“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ: ochiqlik, shaffoflik va mas’uliyat
Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat boshqaruvida hisobdorlik tamoyillarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xo‘sh, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJda bu yo‘nalishda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Mazkur savol bilan “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqarma boshlig‘i Feruza Turg‘unovaga yuzlandik:
– Davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar asosida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy va tashkiliy mexanizmlari takomillashtirilmoqda.
Bu boradagi islohotlar doirasida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimida ham korrupsiyaviy omillarning oldini olish, komplayens nazorat tizimini rivojlantirish va korporativ boshqaruv tamoyillarini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, joriy yilda komplayens va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid 19 ta ichki normativ hujjat qayta ko‘rib chiqilib, takomillashtirildi hamda yangi tahrirda amaliyotga joriy etildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish maqsadida tashkilotimizning 28 nafar mas’ul xodimi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlari”, 45 nafar xodimi esa “Muvofiqlik komplayens menejmenti tizimi” yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida ishtirok etib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ markaziy apparati va barcha filiallari “CERT International” sertifikatlashtirish organi tomonidan o‘tkazilgan auditdan muvaffaqiyatli o‘tib, ISO standartlari bo‘yicha muvofiqlik sertifikatlarini qo‘lga kiritdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens tizimlarini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish jamiyat faoliyatida ochiqlik va samaradorlikni ta’minlashning muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, tizim korxonalarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, xodimlar bilan ochiq muloqot o‘rnatish va murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida qator amaliy tadbirlar tashkil etildi. Xususan, 4 ta ochiq va sayyor qabul, 23 ta o‘quv seminar va treninglar, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ullari ishtirokida profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Amalga oshirilayotgan ushbu ishlar “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimida korrupsiyaning oldini olish, ochiq va shaffof ish muhitini shakllantirish hamda jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.