Romario: «Franko Barezi faoliyatimdagi eng qiyin himoyachi edi»
1997-yilda uning xayrlashuv uchrashuvida ishtirok etish men uchun katta sharaf bo‘lgan.
Braziliya futboli afsonasi Romario vafot etgan Franko Barezi xotirasiga hurmat bajo keltirib, uni faoliyati davomida qarshi o‘ynagan eng qiyin himoyachi deb atadi.
Ikki afsona 1994-yilgi jahon chempionati finalida AQSHning Pasadena shahridagi «Rouz Boul» stadionida o‘zaro to‘qnash kelgan. O‘sha uchrashuv oldidan Barezi menisk jarohatidan atigi uch hafta ichida tiklanib, Romarioning xavfli hujumlarini deyarli to‘liq bartaraf etgandi. Penaltilar seriyasigacha cho‘zilgan finalda esa Braziliya g‘alaba qozongan.
«Bugun futbol olami katta yo‘qotishni boshdan kechirdi — Franko Barezi vafot etdi.
Men PSVda o‘ynagan paytim «Milan»ga qarshi ikki marta maydonga tushganman va o‘shandayoq Barezi naqadar buyuk futbolchi ekanini tushungandim. Keyinchalik 1994-yilgi jahon chempionati finalida yana to‘qnash keldik. Bu hayotimizdagi eng muhim o‘yinlardan biri edi.
Hech ikkilanmay ayta olaman: u faoliyatimdagi eng qiyin raqib edi.
1997-yilda uning xayrlashuv uchrashuvida ishtirok etish men uchun katta sharaf bo‘lgan. U mutlaqo boshqa darajadagi futbolchi edi. Barezi «Milan» va Italiya terma jamoasining ramzi, futbol tarixidagi eng buyuk himoyachilardan biri bo‘lib qoladi», — dedi Romario.