Roberto Martines Niderlandiya terma jamoasini boshqarishi mumkin
Martines 2023-yil yanvaridan 2026-yil iyuligacha Portugaliya terma jamoasini boshqargan.
Portugaliya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Roberto Martines faoliyatini Niderlandiya milliy jamoasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda De Telegraaf xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Niderlandiya terma jamoasi sport direktori Nayjel de Yong mamlakat Qirollik futbol ittifoqi (KNVB) topshirig‘iga binoan 53 yoshli mutaxassis bilan Malagada muzokara o‘tkazgan.
Muzokaralar Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimi yuzasidan olib borilgan.
Martines 2023-yil yanvaridan 2026-yil iyuligacha Portugaliya terma jamoasini boshqargan. Uning qo‘l ostida portugaliyaliklar 2025-yilgi Millatlar ligasida g‘olib chiqdi.
Portugaliya 2026-yilgi jahon chempionatida pley-off bosqichiga chiqdi, biroq 1/8 finalda Ispaniyaga imkoniyatni boy berdi.
Martines avvalroq Belgiya terma jamoasini ham boshqargan va jamoa bilan 2018-yilgi jahon chempionatining bronza medallarini qo‘lga kiritgan.