“Real Madrid” va PSJ Maykl Olise uchun kurashga qo‘shildi
Olise “Bavariya” bilan 2029-yil yozigacha mo‘ljallangan shartnomaga ega.
“Bavariya”ning fransiyalik vingeri Maykl Olise Yevropaning ikki grand klubi — “Real Madrid” va PSJ e’tiboriga tushdi.
Insayder Ekrem Konur ma’lumotiga ko‘ra, har ikki klub 24 yoshli futbolchining transferiga qiziqish bildirmoqda. Myunxen klubi esa o‘z yetakchilaridan birini osonlikcha qo‘yib yubormoqchi emas va Oliseni 200–230 million yevro atrofida baholamoqda.
Fransiyalik futbolchi o‘tgan Bundesliga mavsumida yuqori samaradorlik ko‘rsatdi. U 32 uchrashuvda maydonga tushib, 15 ta gol va 19 ta golli uzatma qayd etdi.
Olise “Bavariya” bilan 2029-yil yozigacha mo‘ljallangan shartnomaga ega. Shu sababli “Real Madrid” yoki PSJ futbolchini qo‘lga kiritishni istasa, katta mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri kelishi mumkin.