Raqamlashtirish — shaffoflik va samaradorlik omili
Suv xo‘jaligi sohasida samaradorlik va natijadorlikka erishishning birdan-bir yo‘li – bu raqamlashtirish. Bu orqali shaffoflik va aniqlik ta’minlanadi, korrupsiyaning oldi olinadi.
O‘tgan to‘rt yil davomida sohaga yuqori texnologiyalar joriy etilib, bugungi kunda 13 ming 174 ta cuv xo‘jaligi ob’ektlarida “Aqlli suv”, 10 ming 983 ta meliorativ kuzatuv quduqlarida “Dayver” va 1 ming 749 ta Nasos stansiyalarida “Suv sarfini onlayn nazorat qilish” qurilmalari ishlab turibdi hamda 100 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektlari avtomatlashtirildi.
2025-yilda Prezidentimizning “Suv sohasini raqamlashtirish jarayonini yanada jadallashtirish va barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan vazirlik huzurida Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi tashkil etildi. Shuningdek, “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona platformasi ishga tushirildi. Bu esa 10 ta turli axborot tizimlarini birlashtirib, ma’lumotlarni real vaqt rejimida tahlil qilish imkonini bermoqda.

Suv resurslari tanqisligi sharoitida eng samarali yechimlardan biri bu suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisoblanadi. Ushbu texnologiyalar orqali suv sarfini keskin kamaytirish, uni aniq va maqsadli taqsimlash, shuningdek, sug‘orish jarayonidagi yo‘qotishlarni minimal darajaga tushirish imkoni mavjud.
Ayni paytda, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish kabi usullar nafaqat suvni tejash, balki yer unumdorligini oshirish, hosil sifati va miqdorini ko‘paytirishga ham xizmat qiladi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bunday texnologiyalarni keng joriy etish orqali suv resurslaridan foydalanish samaradorligini bir necha barobar oshirish va qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanishni ta’minlash mumkin.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasi ijrosiga muvofiq o‘tgan yillar davomida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida respublikamiz bo‘yicha jami 2,6 million gektar maydon (umumiy sug‘oriladigan yerlarning 60 foizi) suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olindi. Jumladan, 664,3 ming gektarda tomchilatib, 121,3 ming gektarda yomg‘irlatib, 73 ming gektarda diskret va 123 ming gektarda boshqa turdagi sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi hamda 1,6 mln gektar yerlar lazer uskunasi yordamida tekislandi.
Birgina 2025-yilning o‘zida jami 886,6 ming gektar (rejaga nisbatan 177 foiz) maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, 103,7 ming gektarda tomchilatib sug‘orish, 29,4 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish, 13,9 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyasi joriy qilindi hamda 74,5 ming gektar maydon egiluvchan quvurlar orqali va 49,5 ming gektar maydon egatga plyonka to‘shab sug‘orildi va 613,7 ming gektar maydonda lazerli tekislash ishlari amalga oshirildi.
Natijada aynan suv tejovchi texnologiyalar hisobidan 2025-yilda 2,5 milliard kub metr suv iqtisod qilishga erishildi. Tahlillarga ko‘ra, ushbu ishlar suv resurslarini 45-50 foiz, yoqilg‘i moylash materiallari va mineral o‘g‘itlarni 25-35 foiz va boshqa mexanizatsiya xizmatlari xarajatlarini iqtisod qilish bilan birga hosildorlikni 15-20 foizgacha oshirmoqda.

Misol uchun, Koson tumanidagi “Koson” va “Asl Najim”, Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi “Forish yullari” fermer xo‘jaliklari paxtani tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hisobiga gektariga o‘rtacha 80-85 sentner hosil olgan (avval ushbu maydonlardan 25-30 sentner hosil olingan).
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2026 — 2028-yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 3,5 million gektarga yetkazish hamda buning hisobiga har yili 5 milliard kub metr suv resurslarini tejash ko‘zda tutilmoqda.
Joriy yilning o‘zida 2026-yilda 503 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonlarida, shundan 107 ming gektarda tomchilatib, 34 ming gektarda yomg‘irlatib va 25 ming gektar maydonda diskret, shuningdek, 97 ming gektar maydonda boshqa turdagi suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinadi. Bundan tashqari, 240 ming ga qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida lazerli tekislash ishlari amalga oshiriladi.
Buning uchun tijorat banklari tomonidan 2,6 trillion so‘m kredit mablag‘larini ajratish, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 800 milliard so‘m subsidiya mablag‘larini yo‘naltirish belgilangan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat iqtisodiyoti va qishloq xo‘jaligi rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezident tashabbuslari, «O‘zbekiston–2030» strategiyasi doirasida belgilangan vazifalar hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali mamlakat suv xo‘jaligi tizimi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Bu esa suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishini oshirish va aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz.
O‘zA