Innovatsion yechimlar samara bermoqda
Bugun poytaxtimizdagi “Wyndham” mehmonxonasida BMT Taraqqiyot dasturi hamda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilgan loyihalar natijalari sarhisob qilindi. Shuningdek, yurtimizda davlat binolari va jamoat transportini dekarbonizatsiya qilish bo‘yicha innovatsion yechimlar taqdim etildi.
Mazkur tashabbus doirasida Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida qator pilot loyihalar o‘tlazildi. Ularda maktab, bog‘cha va shifoxonalarga zamonaviy issiqlik nasoslari hamda konditsionerlar o‘rnatilib, eski, samarasiz isitish tizimlari almashtirildi.
Natijada ko‘mir iste’moli yiliga 115 tonnaga qisqardi, issiqxona gazlari chiqindilari esa 215 tonnadan ortiq kamaydi. Ilg‘or texnologiyalar energiya sarfini bir necha barobar tejash imkonini berib, 13,5 mingdan ziyod aholi uchun qulay sharoit yaratdi.
[gallery-28388]
Loyiha doirasida Toshkentda havo sifati monitoringi tizimi ham ishga tushirildi. U 120 mingdan ortiq aholiga ekologik vaziyatni kuzatish imkonini bermoqda.
Seminarda shuningdek, “Qazilma yoqilg‘i subsidiyalari inventarizatsiyasi milliy metodologiyasi” taqdim etildi. Mutaxassislar uning iqtisodiy va ekologik siyosatni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Muhokamalar yakunida eskpertlar energiya tejamkor texnologiyalarni kengaytirish va havo sifati monitoringini rivojlantirish zarurligini qayd etdilar. Bu esa O‘zbekistonning past uglerodli taraqqiyotga o‘tish jarayonida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Musulmon Ziyo, Oybek Pardayev (surat), O‘zA