Qoraqalpoq san’ati jahon arenalarida
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri Begis Temirbayev boshchiligida sohada amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar bilan birga vazir o‘rinbosarlari, vazirlikka qarashli idoralar rahbarlari va mas’ul mutaxassislar ishtirok etishdi. Ta’kidlanganidek, yil boshidan sohada madaniy-ma’rifiy va ko‘ngilochar tadbirlar rejasi belgilab olinib, amalda 2 ming 977 ta turli tadbir o‘tkazildi. Jamoalar 7 ta xalqaro madaniy tadbirda munosib ishtirok etdi. Vazirlikka qarashli 3 ta davlat teatri tomonidan bugungi kunga qadar jami 915 dan ortiq spektakl seanslari tashkil etildi va ularga 186 ming nafardan ortiq tomoshabin qamrab olindi.

Shahar va tumanlardagi madaniyat markazlari tomonidan aholiga 3 ming 650 ta madaniy-ko‘ngilochar tadbir o‘tkazilib, aholiga madaniy xizmat ko‘rsatildi. Bugungi kunda faoliyat yuritayotgan 60 ta madaniyat markazida jami 210 ta to‘garak faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularga 2 ming 287 nafar ishtirokchi muntazam ravishda qatnashadi. Shuningdek, vazirlikka qarashli 2 ta oliy ta’lim muassasasi filiali, 3 ta ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabi, maktab-internatlar, shuningdek, 24 ta bolalar musiqa va san’at maktabida jami 9 ming 677 nafar o‘quvchi hamda talaba tahsil olmoqda.

Yil boshidan bugungi kunga qadar vazirlikka qarashli muassasalar va ijodiy jamoalar Malayziya, Yaponiya, Italiya, Turkiya, Gruziya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlatlarida o‘tkazilgan xalqaro festival hamda madaniy tadbirlarda faol ishtirok etdi. Xalqaro aloqalarga kelsak, vazirlik TURKSOY - Turkiy xalqlar madaniyati tashkiloti, YUNESKO, Tatariston va Boshqirdiston Respublikalari Madaniyat vazirliklari, shuningdek, Rashid Vagapov nomidagi tatar madaniyati jamg‘armasi, Italiyaning “Samarqand” tashkiloti, Janubiy Koreyaning HY Education kompaniyasi bilan muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Bugungi kunda sohaga jami 609,5 ming AQSH dollari miqdorida grant yutib olindi. 2 milliardd 50,7 million so‘m miqdorida investitsiya mablag‘i kiritildi. O‘tgan yili vazirlik huzurida nodavlat notijorat “Art Karakalpakstan” madaniyat va san’atni rivojlantirish tashkiloti tashkil etilgan edi. Mazkur tashkilot yaqinda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat ijtimoiy buyurtmalari tanlovida “Ustaxona - milliy meros” loyihasi bilan ishtirok etib g‘olib bo‘ldi va 1 milliard so‘m miqdorida moliyalashtirildi. Ushbu loyiha doirasida Nukus tumanidan "Qoraqalpog‘iston Respublikasida Markaziy Osiyo xalqlarining milliy musiqa cholg‘u asboblarini (qo‘biz, dutor, changqo‘biz, g‘ijjak va musiqa asboblari) ishlab chiqaruvchi ustaxona quriladi.

Shuningdek, respublikada bir necha yillardan buyon To‘lepbergen Qayipbergenov nomidagi madaniyat va adabiyotni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyat yuritib kelmoqda. Yaqinda vazirlik tomonidan ushbu jamg‘arma bilan birgalikda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qayipbergenovning muzeyini tashkil etish bo‘yicha maxsus loyiha tayyorlanib, uning uchun O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi jamg‘arma tomonidan 251 million 250 ming so‘m ajratildi. Hozirda ushbu muzeyni tashkil etish ishlari boshlab yuborildi.
Koreya Respublikasining “HY Education” kompaniyasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida madaniyat va san’at sohasida ta’lim sifatini oshirish, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda Mega Foundation Course (MFC) dasturi orqali Janubiy Koreyaning oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishni xohlovchi talabalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha shartnoma imzolandi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, qoraqalpog‘istonlik yoshlarning xalqaro darajada ta’lim olishiga ko‘maklashishdir.
—Bizning asosiy maqsadimiz , madaniyatni nafaqat bayramlarda eslanadigan soha sifatida , balki odamlarimiz kundalik hayotining ajralmas qismiga aylantirishdir—dedi Madaniyat vaziri B.Temirbayev.
Tadbir davomida vazir ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlarning savollariga javob berib, ularning fikr va takliflarini ham ham tingladi.
Tadbirdan so‘ng ishtirokchilar Madaniyat vaziri bilan hamkorlikda rejissyor Muxtor Reymov tomonidan sahnalashtirilgan O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi T.Qayipbergenovning “Qoraqalpoq qizi” spektaklini tomosha qildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA