Turkiy dunyoning yangi bosqichi: hamkorlik, geosiyosat va O‘zbekiston manfaati
Anqara sammiti oldidan Turkiy davlatlar tashkiloti oldida turgan asosiy vazifalar va strategik tanlovlar…
Turkiy davlatlar tashkiloti bugun madaniy yaqinlikdan amaliy iqtisodiy hamkorlikka o‘tish bosqichida. Dunyoviy raqobat, transport yo‘laklari uchun kurash va raqamli texnologiya rivoji tuzilmaning xalqaro maydondagi ahamiyatini oshirmoqda. Endi asosiy masala — siyosiy kelishuvlarni aniq iqtisodiy natijaga aylantirish.
29-30-oktabr kunlari Anqarada o‘tkazilishi rejalashtirilgan XIII sammitda hamkorlikning yangi ustuvor yo‘nalishlari belgilanishi kutilyapti. Tashkilot oldida transport, investitsiya, raqamlashtirish va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish vazifasi turibdi.
O‘rta yo‘lak – O‘zbekiston uchun strategik imkoniyat
Rossiya – Ukraina urushi va xalqaro logistika manzarasi o‘zgarishi Xitoy, Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi muqobil yo‘nalishlarga talabni oshirdi. Kaspiy dengizi, Ozarbayjon va Turkiya orqali o‘tuvchi O‘rta yo‘lak O‘zbekiston uchun tashqi bozorga chiqish imkoniyatini kengaytirishi shubhasiz. Faqat buning uchun yangi transport yo‘nalishlari bilan birga muvofiqlashtirilgan bojxona tartibi, maqbul tarif va yukni tez yetkazib berish tizimi ham zarur. Siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev ta’kidlashicha, TDT rivojlanishi ramziy birlikdan funksional integratsiyaga qarab boryapti:
– TDT taraqqiyotining asosiy yo‘li madaniyatdan iqtisodiyotga, iqtisodiyotdan transport, raqamli soha va energetikadagi o‘zaro bog‘liqlikka o‘tishdir. Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik esa a’zo davlatlar manfaati va tashqi siyosiy majburiyatni inobatga olgan holda rivojlanishi lozim.
Iqtisodiy salohiyat bor, ammo imkoniyat to‘liq ishga solinmagan
2017-2025-yillari TDT mamlakatlaridan mamlakatimizga 11,5 milliard dollardan ko‘p sarmoya jalb qilingan. Yurtimizda hamkor davlatlar ishtirokida 4 500 dan ziyod korxona faoliyat yurityapti. Binobarin, o‘zaro savdo ulushi nisbati sheriklikni yanada chuqurlashtirish zarurligiga ishora qilmoqda. Savdo to‘sig‘ini yo‘qotish, sanoat almashinuvini kengaytirish, qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni ko‘paytirish asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda.
Raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, kibernetika xavfsizligi va yashil energetika ham istiqbolli yo‘nalishlar hisoblanadi. Bu sohalardagi hamkorlik mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirib, zamonaviy texnologiyani o‘zlashtirishga xizmat qiladi.
Tashkilotdagi o‘rnimiz…
O‘zbekiston 2019-yil TDTga qo‘shilgandan buyon muntazam ravishda tashkilot kun tartibini amaliy tashabbuslar bilan boyitib kelmoqda. Samarqand sammitida transport va yashil diplomatiya yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi, keyin raqamli hamkorlik, kiber xavfsizlik va ekologiya masalalari diqqat markaziga chiqdi.
Xususan, Jo‘rayev respublikamizning asosiy manfaati transport imkoniyatini kengaytirish, sarmoya jalb etish va tashqi iqtisodiy aloqani diversifikatsiya qilish bilan bog‘liqligiga urg‘u berdi:
– TDT O‘zbekiston uchun muayyan bozor yoki transport yo‘nalishiga qaramlikni kamaytirishga xizmat qiladigan qo‘shimcha tayanchdir. Tuzilma faoliyati samaradorligi esa kelishuv nechog‘li amalga oshirilishi, qancha iqtisodiy loyiha ishga tushishi va a’zo davlatlar uchun qanday natija berishi bilan belgilanadi.
Anqara sammitidan nima kutilyapti?
Bo‘lajak sammit kun tartibidan raqamli rivojlanish, O‘rta yo‘lak, Turkiy investitsiya jamg‘armasi va TDT+ formati bo‘yicha hamkorlik masalalari o‘rin olishi kutilyapti.
Qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash asosiy vazifaga aylangan. Shu bois yangi tashabbuslarni ilgari surish barobarida aniq reja tuzish, mas’ul idoralar faoliyati va natijani baholash mexanizmiga ham e’tibor qaratish muhim.
TDT kelajagi siyosiy bayonot bilan emas, balki kengaygan savdo, jalb qilingan sarmoya, samarali transport tizimi va texnologiya hamkorligi bilan belgilanadi. O‘zbekiston uchun esa ayni jarayonda har bir tashabbus milliy manfaat va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi asosiy mezondir.
Musulmon Ziyo, O‘zA