Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
Nukus tumanida galofit ekinlarini yetishtirish texnologiyalari, ularning sho‘rlangan yerlardagi ahamiyati va amaliy natijalari yuzasidan ilmiy seminar tashkil etildi.
Unda Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon Ekologiya va geografiya instituti (XIEG) olimlari hamda O‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbir davomida tomonlar o‘zaro tajriba almashib, ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

Seminarning asosiy maqsadi Orolbo‘yi hududida tuproq sho‘rlanishini kamaytirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va ekologik barqarorlikni ta’minlashda galofit o‘simliklardan samarali foydalanish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganishdan iboratdir.
***
To‘rtko‘l tumani Axborot-kutubxona markazida “Kitobxon millat” shiori ostida o‘tkazilgan VI Respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli ijodkor Samandar Ismoilovning “Umrimning nurli yo‘li” nomli yangi kitobi taqdimoti ham o‘tkazildi.

Taqdimot davomida muallif o‘zining ijodiy yo‘li, asarning yozilish tarixi va hayot maktabidagi tajribalari haqida so‘zladi. Tadbirga tashrif buyurgan kitobxonlar yangi asar haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Uchrashuv savol-javoblarga boy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
***
Nukusda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 5-11-sinf o‘quvchilari orasida “Robo-Koding” olimpiadasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi.

Olimpiada yakunida 5-8-sinf o‘quvchilari orasida birinchi o‘rinni Xo‘jayli tumani 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, ikkinchi o‘rinni Kegeyli tumani 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, uchinchi o‘rinni Nukus shahri 46-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi qo‘lga kiritdi. 9-11-sinf o‘quvchilari orasida birinchi o‘rinni Kegeyli tumani 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, ikkinchi o‘rinni Nukus shahri 31-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, uchinchi o‘rinni Xo‘jayli tumani 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoalari egalladi.
Birinchi o‘rinni egallagan jamoalarga joriy yilning may oyida o‘tkaziladigan final bosqichiga yo‘llanma berildi.
***
Prezidentimiz raisligida joriy yil 7-aprel kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada rivojlantirish, aholi va mehnat jamoalarida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhim vazifalar belgilangan edi.
Mazkur tashabbus doirasida haftaning bir kuni “sport kuni” etib belgilanib, ushbu kunda vazirlik, idora va tashkilotlarda ommaviy sport mashg‘ulotlari o‘tkazilishi joriy etildi.

Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Taxiatosh tumanidagi davlat idoralari va muassasalari xodimlari ham erta tongdan sport mashg‘ulotlarini boshlab yubordi. Bu esa jamoada sog‘lom muhitni mustahkamlash, ish unumdorligini oshirish hamda xodimlarning jismoniy faolligini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA