"Yoshlar kuni" doirasida tadbirlar o‘tkazildi (+video)
Bugun yoshlar bilan ishlash faqatgina tadbir o‘tkazish bilan cheklanib qolmay, ularning kelajakdagi yo‘lini belgilab berishga xizmat qiladigan muhim jarayonga aylanmoqda.
Ayniqsa, bandlik, kasb tanlash va axborot xavfsizligi kabi masalalarga e’tibor qaratilishi yoshlarni turli tahdidlardan asrash va ularni mustaqil hayotga tayyorlashda katta ahamiyatga ega. Bunday tashabbuslar yoshlarning o‘z salohiyatini anglashiga, jamiyatda munosib o‘rin topishiga zamin yaratadi.
Shu maqsadda Yunusobod tumanida Milliy gvardiya qo‘mondonligi va tuman hokimligi hamkorligida "Yoshlar kuni" munosabati bilan bir qator tadbirlar tashkil etildi.
"Yoshlar kuni" doirasidagi tadbirlar Yunusobod tumani hokimligi binosida hududdagi umumta’lim maktablari bitiruvchilari, otaliqqa olingan yoshlar hamda Milliy gvardiya tizimida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan askarlarning bandligini ta’minlash, shuningdek, kibermakonda xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bilan boshlandi.
Uchrashuv davomida ekstremistik oqimlar, zararli axborotlar, kibermakon tahdidlari hamda internet xavfsizligi va giyohvandlikning salbiy oqibatlari masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbirlar Milliy gvardiya hamda Yunusobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida tumandagi 96-sonli umumta’lim maktabida Milliy gvardiya qo‘mondoni kubogi uchun “Zakovat” intellektual o‘yini bilan davom ettirildi. Unda 70-, 96- hamda 150-sonli maktablardan tuzilgan 8 ta jamoa, jami 60 nafar bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 70-sonli maktabning “Yetakchi yoshlar” jamoasi 1-o‘rinni, “Restavratsiya” jamoasi 2-o‘rinni, 150-sonli maktabning “To‘maris” jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/duIchWNqjac" title=""Yoshlar kuni" doirasida tadbirlar o`tkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
U.To‘xtayev (video), O‘zA