Qoraqalpog‘iston jamoasi – chempion
Namanganda 1998-1999-yillarda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida basketbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Namanganda 1998-1999-yillarda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida basketbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tashkil etilgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Farg‘ona, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahridan beshta jamoa o‘zaro bahslashdi.
Dastlabki uchrashuvda namanganlik basketbolchi qizlar Navoiy viloyati terma jamoasini 46:26 hisobida yenggan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakillari farg‘onalik tengdoshlaridan 49:23 hisobida ustun keldi.
Ikkinchi kungi o‘yinlarda Toshkent shahri jamoasi navoiyliklarni 62:19, Namangan terma jamoasi farg‘onalik tengqurlarini 34:20 hisobida mag‘lub etdi.
Qoraqalpog‘iston terma jamoasi chempionlikka asosiy da’vogar bo‘lgan toshkentlik tengdoshlarini 65:62, navoiylik raqiblarini 53:29 va nihoyat mezbonlarni 57:44 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning yuqori pog‘onasini egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Toshkent shahri hamda Namangan viloyati basketbolchi qizlariga nasib etdi.