Qodiriy bobomizning izi qolgan tabarruk maskan
9-may – Xotira va qadrlash kuni
“Moziyga qarab ish ko‘rmak xayrlidir”... Qodiriy bobomizning “O‘tkan kunlar” romani haqida gap ketganda ulug‘ adibning ushbu so‘zlari beixtiyor yodga tushadi. Abdulla Qodiriy va qatag‘on... Bu so‘zlarni yodga olganimizda millatning urib turgan yuragi va uni sug‘urib olmoqchi bo‘lgan beshafqat changal fojiasi ko‘z o‘ngimizga kelaveradi.
Poytaxtimizda 2019-yil davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Abdulla Qodiriy uy-muzeyi millatimiz vijdoni timsoliga aylangan adibning hayoti, faoliyati, ijodi haqida keng qamrovli ma’lumot beruvchi maskan sanaladi.

Uy-muzey hududidagi muhit sizni XX asr boshidagi ijodiy Toshkentga qaytargandek bo‘ladi. Bu maskan o‘zbek xonadonlari yaqin o‘tmishda qanday fayzli va ko‘rkam ko‘rinishda bo‘lgani haqida tomoshabinlarga keng qamrovli ma’lumot berishi bilan diqqatga sazovor. Bu yerda xalq orasida “Julqunboyning bog‘i”, “Qodiriyning shiyponi” degan ajib maskanlarga ro‘baro‘ bo‘lishning o‘zi uy-muzeyga kelgan har bir insonni hayajonga solishi tabiiy.
Uy-muzeyidagi eksponatning mukammal saqlanishi, turli adabiy loyiha va tadbirlar samarali, uyushqoqlik bilan tashkil etilishida adibning nevarasi, taniqli ijodkor va publitsist, ulug‘ ijodkor merosining chinakam posboni Xondamir akaning hissalari benihoya katta. Xondamir aka bu yerdagi har bir eksponatning tarixi haqida muzeyga kelgan insonlarga batafsil gapirib beradi.

Ayni shu muzeyda yozuvchining o‘zi ijodidan, o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari namunalaridan iborat kutubxona vujudga kelgan. Hovli sahni devorlariga o‘zbek va jahon yozuvchi-shoirlarning Abdulla Qodiriy ijodi haqidagi fikrlari qayd etilgan. Xona devorlariga ilingan adibning asl qiyofasini aks ettiruvchi fotosuratlar Qodiriy ijodini yaqindan tanishtiradi. Shuningdek, bu yerda gazeta va jurnallar, Qodiriy ijodi namoyon ettirilgan ilk kitoblar mavjud.
Tashqari va ichkari hovlidan iborat ushbu muzey o‘zbekning yaqin tarixi, an’analari, qadriyatlaridan so‘zlashi bilan ahamiyatli. Tashqi hovli – mehmonxona qismida adib mehmonlarni kutib olgan, do‘stlari va zamondosh ziyolilari (masalan, Cho‘lpon, Sadriddin Ayniy) bilan adabiy suhbatlar qurgan. Hozirda bu qismda Abdulla Qodiriyning haykali o‘rnatilgan. Devorlarga adib haqidagi mashhur iqtiboslar va fikrlar yozilgan. Yangi qurilgan kutubxona, konferensiya va ko‘rgazma zallari joylashgan.

Ichki hovlini oilaviy va ijodiy qism deb ham atash mumkin. Bu yer adib va uning oilasi yashagan shaxsiy hudud. Bu yerda ikki qavatli uy mavjud bo‘lib, adibning oilasi istiqomat qilgan va asosiy asarlari yaratilgan xonalar joylashgan. Shiypon esa Qodiriyning eng sevimli ijodxonasi bo‘lgan. U yozning issiq kunlarida aynan shu shiyponda o‘tirib, “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarini yozgan.
Hovliga tutash bog‘da adib o‘z qo‘li bilan parvarish qilgan mevali daraxtlar va gullar mavjud.
Uy-muzey nafaqat adibning hayotini aks ettiradi, balki XX asr boshidagi Toshkent xonadonlarining fayzli muhitini ham namoyish etadi.
Abdulla Qodiriy tashabbusi bilan barpo etilgan mo‘’jaz shiypon davr ruhini o‘zida namoyon etishi bilan ahamiyatli.
Aytish kerakki, ushbu ulug‘ adib yashagan ushbu go‘shadan adabiyot muxlislarining qadami arimaydi. Bu yerda adabiyot haftaliklari, kitobxonlik tadbirlari, adabiy uchrashuvlar, kitob ko‘rgazmalari, yozuvchi va shoirlarning kitobxonlar bilan muloqotlari muntazam o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylanib qolgan.
Abdulla Qodiriy o‘zbek adabiyotining shunday bir cho‘qqisi ediki, uning ijodi millatning o‘zligini anglash sari qo‘ygan eng ulkan qadami bo‘ldi. Qatag‘on esa bu qadamni to‘xtatishga, millatning ko‘zini ko‘r, tilini soqov qilishga uringan mudhish kuch edi.
Qodiriy “O‘tkan kunlar” romani bilan o‘zbekning kimligini, uning yuksak madaniyati va afsuski, ichki nizolar tufayli boy berilgan erkini ko‘rsatib berdi. Qatag‘on esa aynan mana shu erk va mustaqillik haqida qayg‘urgan ma’rifatparvarlarni nishonga oldi. Qodiriyning qatag‘on qilinishi — Otabek va Kumushning fojiasi kabi, butun boshli ziyolilar avlodining fojiasi edi.
Tarixchi olimlarning fikricha, tergov hujjatlarida Qodiriyning so‘nggi so‘zlari sifatida uning aybsizligi va faqat millat baxtini o‘ylagani haqidagi nutqlari qayd etilgan.
1938-yil 4-oktabr — bu kun o‘zbek adabiyoti uchun qatag‘onning eng qora nuqtasi bo‘ldi. Qodiriyning jismonan yo‘q qilinishi adabiyotimizning tirik tanasidan yurakni sug‘urib olish bilan barobar edi. Ammo qatag‘on qilichi adibning ruhini va uning asarlaridagi milliy g‘oyani o‘ldira olmadi.
Qatag‘on Qodiriyni jismonan mahv etgan bo‘lsa-da, uning “Mehrobdan chayon” va “O‘tkan kunlar” kabi durdona asarlari millat xotirasida yashab qoldi. Bugun Qodiriy siymosi qatag‘on qurboni sifatida emas, balki zulm ustidan g‘alaba qilgan haqiqat timsoli sifatida gavdalanadi.
Abdulla Qodiriy va qatag‘on - bu haqiqatning zulm bilan olishuvidir. Zulm vaqtinchalik g‘olib kelgandek ko‘rinsa-da, vaqt chig‘irig‘ida Qodiriy so‘zi qatag‘on devorlarini parchalab, bizgacha yetib keldi.
Muzeyga kelgan har bir muxlis shunday taassurotlar og‘ushida qolishi, qatag‘on qurboniga aylangan bo‘lsa-da, xalqning yuragida mangu yashayotgan Abdulla Qodiriyga chuqur ehtirom va minnatdorlik tuyg‘ularini ko‘nglida tuyishi, uning porloq xotirasi haqqiga duolar qilishi tabiiy.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri