Qarshida nuroniylar uchun madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
Mamlakatimizda aholining barcha qatlamlarini ijtimoiy hayotga faol jalb etish, ayniqsa, keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning hayotiy tajribasidan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada joylarda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mana shunday tadbirlardan biri Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qarshi shahar bo‘linmasi tashabbusi bilan tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi, Mahalla xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamda Nuroniylar jamg‘armasi Qarshi shahar bo‘linmasi hamkorlik qildi.

Mazkur madaniy-ma’rifiy tadbir keksa nuroniylarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, shuningdek, ularni jamiyat hayotida yanada faol ishtirok etishga undash maqsadida tashkil etildi. Tadbirda san’at ustalarining chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbir doirasida intellektual salohiyatni oshirishga qaratilgan “Zakovat” o‘yini ham o‘tkazildi.
Qizg‘in va qiziqarli kechgan bellashuv yakunida g‘olib jamoa aniqlanib, barcha ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Respublika boshqaruvi apparati vakili tomonidan ma’ruza qilinib, nuroniylarning jamiyatdagi o‘rni, ularning yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos hissasi, mahalla institutini rivojlantirishdagi faol ishtirokining ahamiyati alohida ta’kidlandi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri