“Prezident Olimpiadasi”ga tayyorgarlik masalalari tahlil qilindi
Sport vazirligida “Prezident Olimpiadasi” musobaqasining respublika final bosqichi musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalarning rahbarlari hamda hududiy sport boshqarmalari vakillari, mutaxassislar ishtirok etgan yig‘ilishda “Prezident Olimpiadasi” musobaqasi ko‘lami joriy yilda yanada kengayib, sport turlari soni 11 tadan 21 taga yetgani ta’kidlandi.

Ushbu musobaqalar orqali saralab olinadigan iqtidorli yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, kelgusida nufuzli xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhimligi qayd etildi.
Muhokamalar jarayonida “Prezident Paralimpiadasi” musobaqasini ham o‘tkazishga tayyorgarlik ishlari ham tahlil qilindi.

Videoselektor davomida ushbu musobaqalarning respublika bosqichini yuqori saviyada tashkil etish, ishtirokchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda tashkiliy jarayonlarni o‘z vaqtida amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish yuzasidan mas’ullarga zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA