Og‘ir atletika: O‘zbekiston kubogi Navoiy va Termiz jamoalariga nasib etdi
Termiz shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar (U17) va kichik o‘smirlar (U-15) o‘rtasida poyoniga yetgan O‘zbekiston kubogi musobaqalari mamlakatimizda ushbu sport turiga qiziquvchi yoshlar safi yanada ortganini ko‘rsatdi.
O‘smirlar musobaqasida 22 ta jamoaning mahoratli yosh og‘ir atletikachilari sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilgan bo‘lsa, ularning 14 tasi oltin medallarni qo‘lga kiritdi.

Shiddatli kechgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, Navoiy viloyati olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi jamoasi 4 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan mamlakat kubogiga ega chiqdi. 2-o‘rin 4 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medal sohibi bo‘lgan Xorazm viloyati jamoasiga nasib etdi. Kuchli uchlikka 3 ta oltin, 2 ta kumush, 1 ta bronza medal jamg‘argan Qarshi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi og‘ir atletikachilari yakun yasadi.

Musobaqaning kichik o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarida 25 ta jamoa qatnashib, ular orasida Xorazm viloyati vakillari 5 ta oltin, 3 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan O‘zbekiston kubogiga egalik qilgan vaziyatda, Termiz olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi jamoasi 4 ta oltin, 2 ta kumush medal bilan 2-pog‘onani band etdi. 3-o‘rin 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan Surxondaryo jamoasiga tegishli bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA