“Paxtakor” bu turda ham peshqadamligini saqlab qoldi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 7-turidan o‘rin olgan so‘nggi ikki uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Unda “Xorazm”—”Qo‘qon-1912” bahsi 2:2 hisobida yakunlandi. “Bunyodkor” va “Neftchi” uchrashuvida 0:1 hisobi qayd etildi.
Shu tariqa, ushbu tur o‘yinlari natijasiga ko‘ra, “Paxtakor” 18 ochko bilan birinchi o‘rinda qoldi. Xuddi shuncha ochkoga ega bo‘lgan “Neftchi” esa ikkinchi o‘rinda qoldi. Ulardan 3 ochko orqada borayotgan “Navbahor” kuchli uchlikni yakunlab berdi.
“Buxoro” 14, “Bunyodkor” 13 va "Nasaf" 12 ochko bilan 4-6 pog‘onalarda bormoqda. “Lokomotiv” 11 ochko jamg‘argan holda 7-o‘rinni egallagan. Undan keyin “Xorazm” 9 ochko to‘plab, 8-pog‘onada joylashgan. OKMK hamda “Surxon” jamoalari 8 ochkoga ega bo‘lib, mos ravishda 9-10-o‘rinlarda qayd etilgan.

Shuningdek, “Dinamo” va “Qo‘qon-1912” jamoalari 7 ochkodan jamg‘arib, 11 va 12-o‘rinlarni egallab turgan bo‘lsa, “Qizilqum” hamda “Andijon” 6 ochko bilan 13 va 14, “So‘g‘diyona” 5 ochko, “Mash’al” esa ochkosiz 15-16 o‘rinlardan joy olgan.
Superligada 7-turdan keyin to‘purarlar poygasi ham qizg‘in tus olgan. Ayni paytda “Paxtakor” safida harakat qilayotgan Dostonbek Hamdamov to‘purarlar ro‘yxatida 4 ta gol bilan karvonboshilik qilmoqda. Shuningdek, Temurxo‘ja Abduxoliqov (“Lokomotiv”), Stipe Peritsa (“Neftchi”) va Stefan Chinedu (“Surxon”) hisobida ham 4 tadan gol bor.

Milliy chempionatimizning 8-tur uchrashuvlari 17–19-aprel kunlari o‘tkaziladi. Unda 17-aprel kuni “Lokomotiv” — “Navbahor”, OKMK — “Buxoro”, “Surxon” — “Qizilqum” jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.
18-aprelda esa “Neftchi” — “Nasaf”, “Mash’al” — “Xorazm”, “Paxtakor” — “Dinamo” uchrashuviga guvoh bo‘lamiz. 19-aprel sanasida “So‘g‘diyona” — “Bunyodkor” va “Qo‘qon-1912” — “Andijon” klublari bellashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA