Javohir Sindorov: Butun O‘zbekiston turnirni kuzatayotganini his qildim
Bugun, 15-aprel kuni Kiprda o‘tayotgan Nomzodlar turnirining so‘nggi 14-turida Javohir Sindorov oq donalarda xitoylik Vey I bilan kuch sinashadi.
Kecha turnirning 13-turida Sindorov qora donalarda niderlandiyalik Anish Giri bilan g‘alabaga teng durangga erishib, muddatidan oldin turnir g‘olibligiga erishdi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida o‘z his-tuyg‘ulari va rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

— Juda xursandman. Turnir hali tugamadi, lekin oldindan g‘alabani naqd qilganimdan baxtiyorman. Kecha oila a’zolarim, yaqinlarim bilan telefon orqali muloqotda butun O‘zbekiston turnirni kuzatayotganini his qildim. Har bir turda xalqimiz qo‘llab-quvvatlayotganini his qildim. Buning uchun barchadan minnatdorman. Menga bevosita musobaqa jarayonida yordam berib kelayotgan jamoam bilan ko‘proq ko‘nikmalar va ruhiy muvozanat ustida ish olib bordik. Turnir davomida ayrim partiyalar juda og‘ir bo‘ldi. Ayniqsa Fabiano Karuanaga qarshi o‘yin va birinchi tur. Birinchi turda omad ham rol o‘ynadi. Bunday miqyosdagi musobaqada muvaffaqiyatga erishish uchun biroz omad ham kerak. Oldinda turgan eng katta vazifam jahon chempionligi uchun bahsda maksimal darajada yaxshi o‘yin namoyish etish, — dedi J.Sindorov.
Nomzodlar turnirining so‘nggi 14-turida shuningdek, Andrey Yesipenko — Fabiano Karuana, Praggnanandxa — Hikaru Nakamura, Mattias Blyubaum — Anish Giri qarama-qarshiligidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.

Nomzodlar turnirining ayollar musobaqasi 13-turida xitoylik Tan Chjun’i va hindistonlik Vayshali Rameshbabu o‘rtasidagi o‘yinda durang qayd etilishi ortidan qozog‘istonlik Bibisara Asaubayeva qora donalarda ukrainalik Anna Muzichukni mag‘lub etib, g‘oliblikka da’vogarlik maqomiga ko‘tarildi. 14-tur o‘yinlari ostonasida ular 7,5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Bugun o‘tadigan hal qiluvchi 14-turda Vayshali oq donalarda rossiyalik Katerina Lagno bilan, Asaubayeva esa hindistonlik Divya Deshmux bilan bahs olib boradi. Aynan ushbu juftliklarning natijasi g‘olibni aniqlab berishi mumkin.

Lekin, ikkala yetakchi ham so‘nggi bahsda raqiblari bilan murosa yo‘lini tanlasa, 7 ochkoli xitoylik Chju Siner shohsupadan joy olishi ham ehtimoldan yiroq emas. Buning uchun Xitoy vakili oxirgi o‘yinda Anna Muzichukni dog‘da qoldirishi talab etiladi.

Ko‘rinib turibdiki, erkaklar musobaqasida natijalar aniq bo‘lsa, ayollar o‘rtasida kimning g‘olib bo‘lishi masalasi oxirgi soniyalargacha davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA