O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida yurtimizda ro‘yxatga olish jarayoni qizg‘in davom etmoqda.
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida farmon ijrosini ta’minlash, mazkur hujjatning mazmun-mohiyati hamda amaliy ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan tadbir tashkil etildi. Kecha boshlangan tadbirga idora va tashkilotlarda jiddiy e’tibor qaratilib, xodimlar unda faol ishtirok etayotgani e’tirof etildi.

Farmonda belgilangan ustuvor vazifalar, statistik ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligini ta’minlash masalalari, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.
Ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, xalqaro tajribani joriy etish hamda mutasaddi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, farmon bilan 2026 yil 15 yanvar - 28 fevral kunlari mamlakatimizda aholini ikki bosqichda ro‘yxatdan o‘tkazishga qaratilgan muhim tadbir o‘tkazilmoqda.

Birinchi bosqich – 15 - 31 yanvar kunlari, 17 kun davomida census.stat.uz sayti orqali OneID tizimi yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tish tashkil etiladi.
Ikkinchi bosqich – 4 - 28 fevral kunlari “Mahalla yettiligi” a’zolari uyma-uy yurib, planshet orqali ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etadi.
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi ushbu jarayonlarda barchani faol bo‘lishga chaqirdi.
N.Abduraimova, O‘zA