Samarqandda “Malayziya madaniyat kunlari” tashkil etiladi
Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiya shu kunlarda Malayziyada xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, vakillarimiz Kuala-Lumpur shahrida hukumat a’zolari va hududlar rahbarlari bilan qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi.

Jumladan, Malayziya turizm, san’at va madaniyat vaziri Dato Sri Tiong King Sing bilan muloqotda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldi.

Samarqandda yaqinda yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi, bu yerda ziyoratchilar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berilib, sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Turizmga investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, madaniy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi.

Uchrashuvda joriy yilning may oyida Samarqandda “Malayziya madaniyat kunlari” hamda sentabr oyida Kuala-Lumpurda “O‘zbekiston madaniyat kunlari”ni o‘tkazishga kelishib olindi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri