O‘zbekiston – yoshlar mamlakati (+video)
O‘zbekiston – yoshlar mamlakati. Shu bois ham yurtimizda yoshlar siyosatiga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Barchamizga ma’lumki, 2024 yil mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilindi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, yoshlar – davlat va jamiyatning hal qiluvchi kuchi bo‘lsa, biznes va tadbirkorlik – zamonaviy iqtisodiyotimizning asosidir.
Joriy yilning ana shunday nomlanishi yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, bandligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilishidan dalolatdir. Qolaversa, yosh yigit-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishi uchun ko‘mak beradigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratiladi. Biznes va tadbirkorlik qilish istagidagi fuqarolarga, ayniqsa, tadbirkor yoshlarga yanada keng imkoniyat va imtiyozlar taqdim etiladi.
– Yoshlar siyosati mamlakatimizda eng muhim masalalardan biridir, – deydi O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Yosh siyosatchilar ligasi koordinatori Ziyovuddin Nuriddinov. – O‘zbekiston – yoshlar mamlakati, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki mamlakatimizning 60 foizdan ortiq aholisini yoshlar tashkil etadi. O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi kabi yoshlar tashkilotlari dunyo mamlakatlari tajribasida juda kam. Bu tashkilotlar O‘zbekistonda ko‘zga ko‘rinadigan darajada faoliyat yuritadi. Bu esa yoshlarga bo‘lgan e’tibor natijasidir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Pw_65kg-X8I" title="Oʻzbekiston – yoshlar mamlakati" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>2024 yilda biznesni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratiladi. “O‘zbekiston-2030" strategiyasida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda 250 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadi belgilangan. Ushbu investitsiyalar doirasida tadbirkorlik va biznes muhitini yaratishda ayni bu yil poydevor yili bo‘ladi. Ushbu loyihalarni yoshlar amalga oshirishi uchun imkoniyatlar yaratilishi barchamizni quvontiradi. O‘zbekiston yoshlari Prezidentimiz ilgari surayotgan barcha reja va islohotlarni, O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishga yelkadosh turishga hamisha tayyormiz, – deydi Z.Nuriddinov.
Ta’kidlash joizki, 2023 yilda yangilangan Konstitutsiyamizda ham yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilib, yoshlarning barcha huquqlari himoya qilinishi kafolatlab qo‘yildi. Davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi.
Qolaversa, “O‘zbekiston-2030" strategiyasida ham yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. 400 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash va muammolarini hal etishga erishish, yoshlarning ishsizlik darajasini 14 foizdan 11 foizga kamaytirish maqsad qilingan. Bu boradagi maqsad-vazifalar joriy “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” doirasida izchil amalga oshiriladi.
Umuman, boshlangan yangi yilimiz davomida iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, biznes va tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratish, ilm-fan, innovatsiya, axborot texnologiyalari kabi sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Yoshlarning g‘oya va tashabbuslari, intilishlari yanada rag‘batlantiriladi. Bu esa 19 milliondan ortiq yurtimiz yoshlariga katta motivatsiya va imkoniyatdir.
Muhtarama Komilova, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA