O‘zbekiston – Xitoy: 500 megavattli gidroenergetika loyihalari davlat-xususiy sherikligi asosida amalga oshiriladi
Yaqinda «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoyning investitsiya va biznes delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda mazkur delegatsiyaning asosiy maqsadi mamlakatimizda energetika, tog‘-kon sanoati, savdo markazlarini ochish, moliyaviy va boshqa sohalarga investitsiyalar kiritishga qaratilgani qayd etildi.
Muloqot avvalida Abdug‘ani Sanginov xitoylik investorlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 iyulda qabul qilingan «Gidroenergetika sohasini isloh qilish chora-tadbirlarini jadallashtirish to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berdi.
Unda ko‘rsatib o‘tilganidek, mamlakatimizda gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha 5 yillik dastur tasdiqlangan. Mazkur dastur doirasida 2028 yilga qadar umumiy quvvati 3,3 GVt bo‘lgan GESlar va GTESlar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, joriy quvvatlar 2,2 GVt dan 5,5 GVt ga oshirilib, yillik elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 15,7 mlrd. kVt. soatgacha yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihalarga qariyb 6,5 mlrd. dollar miqdorida investitsiyalarning jalb etilishi mo‘ljallangan.
Uchrashuv davomida boshqaruv raisi dastur orqali tasdiqlangan «Gidroenergetika sohasida xususiy investorlar ishtirokida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari» ro‘yxatiga kiritilgan GES va GTES investitsiya loyihalarini hamkorlikda amalga oshirishni taklif etdi.
Jumladan, umumiy quvvati 1,3 GVt, qiymati 1,8 mlrd. dollarga baholanayotgan Karateren va Aydarko‘l GTESlari, Qorongito‘g‘ay, Oygain GESlar kaskadi, Kishtut va Mizot GESlari bo‘yicha investorlarga taqdimot o‘tkazildi.
O‘z navbatida, xitoylik investorlar ko‘p vaqtdan buyon O‘zbekistonga investitsiya kiritishga qiziqayotgani, jumladan, gidroenergetika sohasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ushbu sohaga ham sarmoya kiritish masalalarini o‘rganayotganini ta’kidladi.
Suhbat yakunida quvvati 500 MVt.ga teng bo‘lgan Karateren GTES, umumiy quvvati 45 MVt.ga teng bo‘lgan Kishtut va Mizot GESlari hamda mikro GES loyihalarini davlat-xususiy sherikligi asosida amalga oshirishga kelishib olindi va investorlarga yuqoridagi loyihalar bo‘yicha birlamchi loyiha hujjatlari taqdim etildi.
Joriy yilning oktyabr oyida «Loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish» bitimini imzolashga kelishib olindi.
Shuningdek, suhbat yakunida quvvati 500 MVt.ga teng bo‘lgan Karateren GTES, umumiy quvvati 45 MVt.ga teng bo‘lgan Kishtut va Mizot GESlari hamda mikro GES loyihalarini davlat-xususiy sherikligi asosida amalga oshirishga kelishildi va investorlarga yuqoridagi loyihalar bo‘yicha birlamchi loyiha hujjatlari taqdim etildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA