O‘zbekiston va Dubay o‘rtasida turistik aloqalar mustahkamlanmoqda
Yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan davra suhbatida Dubay iqtisodiyot va turizm departamenti o‘zining turli sayyohlik imkoniyatlari yo‘nalishlarini taqdim etdi.
Dubay iqtisodiyot va turizm departamentining hududiy rivojlanish yo‘nalishi rahbari Badir Ali Habib bu haqida quyidagicha so‘zlab berdi:
–Bugungi kunda davlatlarimiz o‘rtasida har tomonlama aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Bu esa ikki yurtning sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
2023 yil Dubay uchun rekord ko‘rsatkich yili bo‘ldi – Amirlik 17,15 million nafar xorijiy sayyohni qabul qildi. Ushbu tendensiya 2024 yilda ham saqlanib qolmoqda. Joriy yil yanvar-iyun oylarida Dubayga 9,31 million xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, bu o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 9 foizga ko‘pdir.
Dubay iqtisodiyot va turizm departamenti 2023 yil uchun rekord tashrif ko‘rsatkichlarini qayd etdi. Xususan, O‘zbekistondan borayotgan sayyohlar soni sezilarli darajada oshganini ta’kidladi. Ayniqsa, 2023 yil yoz mavsumida sayyohlar oqimi 2022 yil bilan solishtirganda 81foizga, 2019 yilning yoz mavsumi bilan solishtirganda esa 160 foizga oshgan. 2024 yilda ham o‘zbekistonlik sayyohlar soni o‘sishda davom etayotir. Xususan, shu yilning birinchi choragida tashrif buyuruvchilar soni o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 8 foizga o‘sgan. Bu Dubayning ommabopligi oshib borayotganidan va mamlakatda sayyohlik sohasi muvaffaqiyatli rivojlanayotganidandir. Dubay, Toshkent va Samarqand o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar esa shaharlar orasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi.
O‘zbekiston Dubay uchun tobora muhim va istiqbolli bozorga aylanmoqda va biz Amirligimizga tashrif buyuradigan o‘zbekistonlik sayyohlar sonining barqaror o‘sishini ko‘rishdan mamnunmiz. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar mavjudligi va viza to‘siqlari yo‘qligi tufayli hozir O‘zbekiston fuqarolari uchun sayohatlar juda qulay bo‘lgan. Dubay o‘zbekistonliklarni o‘zining nodir madaniy tadbirlari, zamonaviy diqqatga sazovor maskanlari va yuqori darajadagi servisi bilan jalb qilmoqda. Biz har bir mehmonga unutilmas taassurotlarni, qulay va xavfsiz hordiqni ta’minlashga intilamiz.
Dubayning sayyohlik borasidagi misli ko‘rilmagan natijalari xalqaro e’tirofga ham sazovor bo‘lgan. 2024 yil boshida shahar “Tripadvisor Travellers’ Choice Awards» versiyasi bo‘yicha eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishlari ro‘yxatida ketma-ket uchinchi bor birinchi o‘rinni egalladi.
Dubay yangi diqqatga sazovor joylarni ochishi va butun dunyodan sayyohlarni jalb qiluvchi turli-tuman tadbirlarni o‘tkazishi tufayli o‘zining global dam olish va ko‘ngilochar markaz sifatidagi obro‘sini mustahkamlashda davom etmoqda. “Dubai Parks and Resorts” majmuasida joylashgan va mashhur futbol klubi shafeligida faoliyat ko‘rsatayotgan birinchi “Real Madrid World” nomli bog‘ning ochilishi ana shunday so‘nggi muhim voqealardan biriga aylandi. Bunga o‘tgan yil oktyabr oyida DET va “Real Madrid” klubi o‘rtasida imzolangan uzoq muddatli kelishuv tufayli erishildi. Ushbu bitim ikkala tashkilot rivoji uchun yangi istiqbollarni ochadi va Dubayning D33 iqtisodiy dasturi maqsadlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Yoz mavsumida Dubaydagi 100 dan ortiq mehmonxona maxsus “Kids Go Free” aksiyasini taklif etadi. Ushbu aksiya doirasida 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar mehmonxonalarda bepul yashashi va ovqatlanishi hamda shaharning ayrim diqqatga sazovor joylarida bo‘lishi mumkin.
Bu yil yozda ham an’anaviy yirik tadbirlardan biri – “Dubai Summer Surprises” shoping festivali bo‘lib o‘tayotir. 28 iyundan 1 sentyabrgacha Dubay mehmonlari va aholisi e’tiboriga aql bovar qilmas chegirmalar, maxsus takliflar va madaniy tadbirlar taklif etiladi. Qishki mavsumda shoping festivali yana takrorlanadi, u 13 dekabrdan 19 yanvargacha o‘tkaziladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA