Sport turizmini rivojlantirish yangi imknoiyatlar eshigini ochadi
Mamlakatimizning xalqaro turizm maydonidagi imkoniyatlarini kengaytirish, sport musobaqalarini sayyohlik yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtirish maqsadida Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Turistik mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi” davlat muassasasi va O‘zbekiston kriket federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Kelishuvga muvofiq, mamlakatimizda har yili “Uzbekistan International Cricket & Tourism Cup” xalqaro kriket musobaqasi va “Silk Road Cricket Festival” turistik festivalini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Mazkur tadbirlar xorijiy sportchilar, kriket muxlislari va sayyohlarni O‘zbekistonga jalb etish yo‘lidagi muhim platformaga aylanishi kutilmoqda.
Aytish lozimki, Olimpiya o‘yinlari tizimidagi kriket sport turi bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarga Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Janubiy Afrika, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Shri-Lanka kabi davlatlarda katta qiziqish bilan qaraladi.
Shu jihatdan yurtimizda har yili o‘tkaziladigan mazkur tadbirlarga ushbu mamlakatlarning kriket jamoalarini, qiziquvchi aholini, sayyohlarni jalb etish orqali yangi turistik bozorlarda O‘zbekistonning yangicha qiyofasini namoyish etish nazarda tutilmoqda.

– Tashabbusning muhim yo‘nalishlaridan biri sport va madaniy turizmni o‘zaro bog‘lash ko‘zda tutilgan. Xususan, kriket musobaqalari doirasida xorijiy mehmonlarga Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarning boy madaniy merosi hamda milliy an’analarini tanishtirishga qaratilgan turistik dasturlar ishlab chiqiladi. Loyihani amalga oshirish jarayonida turoperatorlar, mehmonxonalar, aviakompaniyalar, temir yo‘l xizmatlari, hunarmandlar va ko‘ngilochar maskanlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu xalqaro musobaqalarning ishtirokchilari va mehmonlariga transport, joylashtirish, ekskursiya hamda boshqa turistik xizmatlarni birlashtirgan takliflarni taqdim etish imkonini beradi, - deydi O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev.
Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda sport turizmi infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash, hududlarning turistik salohiyatini keng namoyon etish va sohada qo‘shimcha iqtisodiy imkoniyatlarni shakllantirish imkoniyatini taqdim etishi bilan ahamiyatlidir.
T. Ro‘ziyev, O‘zA