O‘zbekiston va Afg‘oniston hamkorligi istiqboli muhokama qilindi
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Afg‘oniston delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan muzokarada savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va yangi istiqbollarni ochish masalasi ko‘tarildi.
Abu Bakr Zadron boshchiligidagi xorijiy mutaxassislar ishtirokida kechgan muloqotda 50 dan ziyod Afg‘oniston korxonasi vakillari hamda oziq-ovqat, to‘qimachilik, kimyo va qurilish sohalaridagi kompaniyalarimiz mas’ullari ishtirok etdi.

Suhbat davomida tarmoq uyushmalari o‘rtasida bevosita aloqani jonlantirish va izchil munosabat o‘rnatish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida e’tirof etildi.
Sanoat kooperatsiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari o‘z eksport salohiyatini namoyish etdilar. Afg‘oniston tomoni qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va logistika sohalarini asosiy maqsad sifatida belgilab oldi.
Muzokara davomida qo‘shma loyihalar amalga oshirish, texnologiya almashish va birgalikda kadrlar tayyorlash imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.

V2V formatidagi muloqotlarda tadbirkorlar mahsulot yetkazib berish va yangi bozorlarga chiqish masalalarini kelishib oldilar. Hamyurtlarimiz uzoq muddatli sheriklikka tayyorliklarini bildirdilar. Shu bilan birga savdo jarayonini soddalashtirish va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish mavzusi ham diqqat markazida bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida turli yo‘nalishlarda sheriklikni kengaytirish, biznes vakillari o‘rtasida samarali muloqotlar tashkil etish bo‘yicha muayyan kelishuvlarga erishildi.
G.Sattorova, O‘zA