O‘zbekiston – Rossiya: sport sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov va Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Yerxov o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakatimizda joriy etilgan "Jismoniy tayyorgarlik darajasi" sport sinovlarini elchixona xodimlari o‘rtasida ham tatbiq etish tashabbusi ilgari surildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda professional sport bilan bir qatorda ommaviy sport harakati, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish, zamonaviy sport majmualarini barpo etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganiga yuqori baho berildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida turli sohalarda o‘rnatilgan mustahkam aloqalar natijasida yuqori natijalarga erishilayotgani, xususan jismoniy tarbiya va sport, sport ta’limi, mutaxassislar almashinuvi, qo‘shma mashg‘ulotlar kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotgani e’tirof etildi.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasida bir qator sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish faoliyati yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlab, bu boradagi ishlarni jadallashtirish borasidagi takliflar ilgari surildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA