O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xor jamoasi 65 yoshda!
“Turkiston" saroyida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tasarrufidagi eng salohiyatli ijodiy jamoalardan biri bo‘lgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xor jamoasi tashkil etilganining 65 yilligi munosabati bilan katta yubiley konserti o‘tkazildi.
Dastur avvalida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Bosh direktori Anvar Tojiboyev so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning tabrigini o‘qib eshittirdi va jamoani samimiy tabrikladi.

Shundan so‘ng sharafli yo‘lni bosib o‘tgan jamoaga vazirlik, filarmoniya va boshqa bir qator ijodiy tashkilotlarning sovg‘alari topshirildi.
E’tiborlisi, yubiley munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xor jamoasining bir guruh faxriy a’zolariga vazirlik tomonidan "Madaniyat va san’at fidokori" ko‘krak nishoni ham topshirildi.

Yubiley dasturidan o‘rin olgan yurtimizning boy madaniy merosini o‘zida mujassam etgan “Art Choir Festival"ga start berildi.
Mazkur festivalda poytaxtimizdagi 10 dan ortiq xor jamoalari ishtirok etdi va ularning betakror chiqishlari tomoshabinlarga o‘zgacha zavq ulashdi.

“Art Choir Festival" — bu oddiy konsert emas, balki qalblarni birlashtiruvchi, ruhiyatni yuksaltiruvchi unutilmas musiqiy kechaga aylandi.
N.Usmonova,
O‘zA