Ommaviy axborot vositalarida oila mavzusini yoritishning dolzarb masalalari tahlil etildi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasida 15-may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan Jurnalist ayollar kengashining “Ommaviy axborot vositalarida oila mavzusini yoritishning dolzarb masalalari” mavzusida yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda kengash a’zolari, ayol jurnalistlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida ommaviy axborot vositalarida oila mavzusini yoritish masalalari, milliy qadriyatlar, oilaviy muhitning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, ayollarning oiladagi mas’uliyati hamda farzand tarbiyasidagi beqiyos hissasi haqida fikr almashildi.

So‘zga chiqqanlar oila jamiyatning tayanchi, ma’naviyat va tarbiya maskani ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bugungi globallashuv davrida ommaviy axborot vositalari vakillarining oilaviy qadriyatlarni targ‘ib etish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish hamda jamiyatda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashdagi o‘rni muhim ekani qayd etildi.
Jurnalistlarning bu boradagi mas’uliyati, media materiallarda oilaga oid mavzularni haqqoniy va ta’sirchan yoritish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanali» davlat muassasasi «Kino-videomahsulotlar va tezkor dublyaj» muharririyatining katta muharriri Nozima Vohidova Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-sentabrdagi “Ibratli oila” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi tegishli qaroriga asosan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Yig‘ilish yakunida oilaviy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish, ayol jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash hamda OAVda oila mavzusidagi materiallar sifatini yanada oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
N.Usmonova,
O‘zA