O‘zbekiston-Qirg‘iziston: Sportda yangi hamkorlik ufqlari
Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Qirg‘iziston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Ayvaz Omorkanov poytaxtimizda bunyod etilgan “Olimpiya shaharchasi” bilan tanishdi.
Tashrif doirasida A.Omorkanov majmuada o‘tkazilayotgan sport musobaqalari, shaharchadagi har bir ob’ekt va ularda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, sportchilarning mashg‘ulot o‘tkazish va yirik xalqaro musobaqalarni qabul qilish imkoniyatlariga yuqori baho berdi.


Shuningdek, Qirg‘iziston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti boshchiligidagi delegatsiya poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib, uning barpo etilish tarixi, faoliyat yo‘nalishlari hamda O‘zbekistonning boy ilmiy-ma’rifiy merosi va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shayotgan beqiyos hissasi haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldi.
Islom sivilizatsiyasi markazidagi noyob ekspozitsiyalar, tarixiy qo‘lyozmalar va madaniy merosni asrab-avaylashga qaratilgan loyihalar bilan yaqindan tanishuv asnosida majmua nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning boy tarixiy-madaniy merosini keng targ‘ib etishdagi ahamiyatini e’tirof etdi.


Tashrif doirasida Ayvaz Omorkanov O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri A.Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari O.Umarov bilan olimpiya harakatidagi mushtarak maqsadlar, o‘zaro hamkorlik aloqalarining istiqbolli rejalari xususida suhbatlashdi.
Muloqotlar jarayonida terma jamoalar, sport mutaxassislari, murabbiylar ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, nufuzli musobaqalarni hamjihatlikda tashkil etish kabi bir qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA