Dzyudo: sport va xizmatda halollik masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida huquqni muhofaza qilish tuzilmalari mas’ul xodimlari ishtirokida xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qilish bilan birga kuch tuzilmalarida xizmat qilayotgan dzyudochilarda halollik, professionallik va vatanparvarlik mavzusiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Muhokamalar jarayonida bir qator dolzarb va shu bilan birga muhim yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.

Bildirilgan fikr va takliflar asosida hamkorlikni mustahkamlash, mavjud kamchiliklarni birgalikda bartaraf etish, sportchilarni tayyorlash va tarbiyalash tizimini takomillashtirish, yuksak mas’uliyat va "toza sport" tamoyillariga sodiqlik masalalarida hamjihatlikni kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov mamlakatimiz dzyudochilari ishtirok etadigan yozgi Osiyo o‘yinlari, jahon chempionati, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon va qit’a chempionatlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik xususida to‘xtalib, o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar, musobaqalar va uning tashqarisida intizomni ta’minlash, dopingga yo‘l qo‘ymaslik, mas’uliyatni ta’minlash muvaffaqiyat darajasini belgilashda muhim omil ekanini aytib o‘tdi.
Bundan tashqari, xalqaro turnirlar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etish davrida sportchilarni xizmat vazifalaridan vaqtincha ozod qilish singari masalalar yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA