O‘zbekiston delegatsiyasi Vengriya parlamenti rahbariyati bilan uchrashdi
Belgrad shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqning Ayol-parlamentariylar global konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya Vengriya Milliy Assambleyasi rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Vengriya Milliy Assambleyasi Raisi Agnesh Forstxoffer O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ikki davlat munosabatlarini izchil rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborni alohida qayd etib, bugungi kunda O‘zbekiston–Vengriya hamkorligi barcha yo‘nalishlarda mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.

Vengriya tomoni parlament diplomatiyasini davlatlararo munosabatlarni chuqurlashtirish va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashning muhim vositasi sifatida baholashini bildirib, O‘zbekiston bilan parlamentlararo muloqot va hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva keyingi yillarda ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi ochiq va ishonchli muloqot tufayli O‘zbekiston–Vengriya munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Qayd etilganidek, parlamentlararo hamkorlik davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishda muhim o‘rin tutadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirish va institutsional asoslarini mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi. Shuningdek, parlamentlarda yangi tarkibdagi do‘stlik guruhlari shakllantirilgandan so‘ng ularning samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA