“Bor mehrimiz senga bolajon!” aksiyasi o‘tkazilmoqda
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi tomonidan “Bor mehrimiz senga bolajon!” shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasida beg‘araz donorlik aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Tibbiy va ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan bolajonlarimizning sog‘lig‘ini saqlash, ularga yangi umid va hayot bag‘ishlash maqsadida ko‘plab fuqarolarimiz o‘z mehr-muruvvatlarini amalda ko‘rsatmoqdalar. Aksiyada talaba yoshlar, shifokorlar, o‘qituvchilar, davlat xodimlari, turli kasb vakillari va oddiy yurtdoshlarimiz faol ishtirok etmoqda. Ular Respublika qon quyish stansiyasida beg‘araz qon topshirib, muhtoj bolalarga yordam qo‘lini cho‘zmoqdalar.

Har bir tomchi qon bir bolajon uchun yangi umid, yangi hayotdir. Bu aksiya nafaqat tibbiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanmaydi, balki jamiyatimizda mehr, hamjihatlik, insoniylik va savobli ishlar muhitini yanada kuchaytirishga muhim hissa qo‘shmoqda. Ayniqsa, bugungi kunda bunday insonparvar tashabbuslar orqali aholimiz o‘rtasida ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘usini oshirish va yosh avlodni ezgu ishlar ruhida tarbiyalash juda muhim ahamiyatga ega.


O‘zbekiston “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi bu tashabbus orqali bolalarimizning sog‘lom va baxtli kelajagi uchun har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan. Aksiya doirasida nafaqat qon topshirish, balki bolalar sog‘lig‘i bilan bog‘liq boshqa muammolarga ham jamoatchilik e’tiborini qaratish ko‘zda tutilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.