O‘zbekiston aholisi 39 milliondan oshdi
Statistika qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalariga oid muhim raqamlar e’lon qilindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 39 047 321 nafarni tashkil etdi. Bu joriy statistik hisob-kitoblarda keltirilgan 38 236 704 nafar ko‘rsatkichdan 810,6 ming nafarga ko‘pdir.
Qayd etilishicha, mamlakat aholisi soni 1989-yilda o‘tkazilgan so‘nggi umumdavlat aholini ro‘yxatga olish natijalariga nisbatan qariyb ikki barobarga oshgan. Bu esa so‘nggi o‘ttiz yildan ziyod vaqt davomida mamlakatda kuzatilayotgan barqaror demografik o‘sishni tasdiqlaydi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, ro‘yxatga olish jarayonida mamlakat aholisining 97,3 foizi qamrab olingan. Aholining 2,7 foizi esa turli sabablarga ko‘ra ro‘yxatga olishda ishtirok etmagan. Ta’kidlanishicha, bunday ko‘rsatkich xalqaro amaliyotda me’yoriy holat hisoblanadi. Ayrim davlatlarda ro‘yxatga olishdan chetda qolgan aholi ulushi 10 foiz va undan yuqori bo‘lgan holatlar ham uchraydi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bir nafar aholini ro‘yxatga olish uchun o‘rtacha 0,12 AQSH dollari sarflangan. Bu ko‘rsatkich ro‘yxatga olish jarayonida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanilgani va tashkiliy xarajatlar maqbullashtirilganini ko‘rsatadi.
Ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston hududida bir yildan ortiq muddat istiqomat qilayotgan 56 860 nafar xorijiy fuqaro ham ro‘yxatga olingan. Ularning 19 300 nafari Toshkent shahrida yashaydi.
Xorijiy fuqarolar davlatlar kesimida quyidagicha taqsimlangan: Hindiston — 13 312 nafar, Rossiya Federatsiyasi — 10 826 nafar, Qozog‘iston — 9 425 nafar, Tojikiston — 5 722 nafar, Turkmaniston — 5 347 nafar, Qirg‘iziston — 4 397 nafar, Pokiston — 1 433 nafar, Xitoy — 1 031 nafar, Turkiya — 811 nafar, Koreya Respublikasi — 691 nafar, boshqa davlatlardan esa 3 865 nafar fuqaro ro‘yxatga olingan.
Dastlabki natijalar aholining til tarkibiga oid ma’lumotlarni ham ochiqladi. Unga ko‘ra, mamlakat aholisining 35,7 million nafari yoki 91,3 foizi o‘zbek tilini ona tili sifatida ko‘rsatgan. Bu ko‘rsatkich etnik o‘zbeklar ulushidan 1,9 foiz punktga yuqoridir. Shu bilan birga, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aholining millatlar tarkibida o‘zbeklar ulushi 89,4 foizni tashkil etgan.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari mamlakatning demografik rivojlanishi, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni shakllantirish, hududlarni kompleks rivojlantirish hamda davlat siyosatini rejalashtirishda muhim statistik manba vazifasini bajaradi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA