O‘zbekiston 90 dan ortiq davlatga IT xizmati ko‘rsatmoqda
So‘nggi yillarda O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasini strategik yo‘nalish sifatida rivojlantirib, IT mahsulot va xizmat eksportini keskin oshirdi.
Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish, mutaxassislar tayyorlash va xalqaro bozorga chiqish uchun qulay sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi.
2019-yil tashkil etilgan “IT Park Uzbekistan” mamlakatda IT kompaniyalar uchun asosiy platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Park rezidentlari soliq imtiyozi, oson valyuta amaliyoti va xorijiy buyurtmachilar bilan ishlashda huquqiy qo‘llab-quvvatlash imkoniga ega. Natijada bugun yuzlab IT kompaniyalar dasturiy ta’minot ishlab chiqish, mobil ilova yaratish, autsorsing, kiber xavfsizlik va moliya texnologiyasi yo‘nalishlarida faoliyat yuritmoqda. IT mahsulotlari eksporti asosan AQSH, Yevropa davlatlari va MDH bozoriga yo‘naltirilgan.

Yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli sohada xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni oxirgi uch yilda 1,8 barobar oshib, 1 398 taga ortdi. IT-park rezidentlari soni 3 karra ko‘payib, 3 435 taga yetdi. Jumladan xorijiy kapital ishtirokidagi rezidentlar soni esa 6,2-marta o‘sib, 972 taga yetkazildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 27 ta investitsiya loyihasi doirasida 1,1 milliard dollarlik sarmoya o‘zlashtirildi. Xorijdan investitsiya va kredit miqdori 720 million dollarni tashkil etdi. Iqtisodiyotimizga oxirgi uch yilda jalb etilgan 2,7 milliard dollar investitsiyaning 74 foizini xorijiy sarmoya va kredit tashkil etdi. O‘tgan yil AT sohasida 79,5 trillion so‘mlik xizmat ko‘rsatildi. 2023-yildan buyon sohada yalpi qo‘shilgan qiymat miqdori o‘rtacha 23,4 foiz oshib, mamlakat yalpi ichki mahsulotiga nisbatan 3,4 barobar tez o‘sdi.

Umuman, mazkur soha yuqori daromadli, ommabop yo‘nalishga aylandi. Hozirgi kunga kelib IT-park rezidentlarining yuqori daromadli ish o‘rni 51 000 ga yetgan. Xizmat eksporti hisobot davrida 3,2 karra oshib, 323 million dollardan 1 milliard dollarga yetkazildi.
Quvonarlisi, IT eksportini rivojlantirish maqsadida AQSH, Germaniya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya va Xitoyda IT-Park vakolatxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Eksportchi rezidentlarimiz 2,6-marta ko‘payib, 900 tani tashkil etmoqda. 2022-yil IT va masofaviy xizmat eksporti amalga oshirilgan davlatlar soni 46 ta edi. AQSH va Buyuk Britaniyaga jami eksportning deyarli yarmi AKT xizmatlari ulushiga to‘g‘ri kelgan. Endilikda O‘zbekiston IT va masofaviy xizmat eksporti geografiyasi kengayib, 90 dan ziyo davlatni qamrab olgan.
Bundan tashqari IT-Park rezidentlari tomonidan 33,4 trillion so‘mlik xizmat ko‘rsatildi, shundan 650 million dollarlik xizmat eksportga yo‘naltirilgan.
“Raqamli startaplar dasturi” doirasida 20 dan ko‘p inkubatsiya va akseleratsiya dasturi tashkil etilib, 160 ga yaqin startap loyiha qo‘llab-quvvatlandi. Mahalliy venchur jamg‘armalari soni 15 taga yetib, umumiy nizom jamg‘arma 180 million dollardan ortdi. 300 million dollarlik venchur investitsiyasi startaplarga qaratildi.
Quvonarlisi, mamlakatimiz “Global Startup Ecosystem Index” reytingida 12 pog‘ona ko‘tarilib, 98-o‘rinni egalladi va TOP-100 likka kirdi. Ushbu reytingga muvofiq, Toshkent shahri Markaziy Osiyoda eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi maqomiga ega bo‘ldi.
“Startup Genome” xalqaro tahlil kompaniyasi startap ekotizimi o‘sishi tezligi bo‘yicha mamlakatimiz dunyoda yetakchi ekanini e’tirof etdi. “Dealroom” xalqaro tahlil kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi besh yilda respublikamiz startap ekotizimi qiymati 13 barobar o‘sib, 3,9 milliard dollarga yetgan.
Bir so‘z bilan aytganda, nisbatan qisqa fursatda O‘zbekiston IT mahsuloti eksporti orqali global raqamli bozorda o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Davlatimiz qo‘llab-quvvatlashi, yosh kadrlar salohiyati va xalqaro hamkorlik mamlakatimizni Markaziy Osiyodagi yirik IT xablardan biriga aylantirish imkonini bermoqda.
Go‘zal Sattorova, O‘zA