Kosmos va raqamli taraqqiyotda strategik hamkorlik
O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida kosmik texnologiyalar hamda raqamli rivojlanish sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Ushbu yo‘nalishlarda sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma va qo‘shma investitsiya loyihalari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Uchrashuv doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda AQSH Eksport-import banki vakili Jon An ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Muzokaralarda kosmik texnologiyalar, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, O‘zbekistonning milliy kosmik dasturi, ilk sun’iy yo‘ldoshni uchirish rejalari, Yerni masofadan zondlash tizimlarini rivojlantirish hamda zamonaviy va barqaror raqamli infratuzilma yaratish kabi ustuvor vazifalar tilga olindi.

Shuningdek, qo‘shma loyihalarda AQSH texnologiyalari va xizmatlaridan foydalanish, moliyalashtirish mexanizmlarini muvofiqlashtirish masalalari ham muhokama qilindi. O‘zbekiston tomoni mamlakatni mintaqaviy IT markazga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, ixtisoslashgan markazlar tashkil etish, raqamli xizmatlar eksport hajmini oshirish va xalqaro texnologik kompaniyalar uchun qulay muhit yaratish choralari haqida ma’lumot berdi.

Muzokaralar davomida mamlakatdagi kuchli inson kapitali, IT sohasining jadal rivojlanayotgani va startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar ham alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kosmik texnologiyalar, sun’iy intellekt va raqamli infratuzilma sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, aniq investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Nigora Rahmonova, O‘zA