O‘zbek xalqiga haykal qo‘ya olgan ijodkor
Adabiyotimizda durdona asarlar talaygina. Ammo ularning hammasi ham o‘zbek xalqiga haykal qo‘yishga da’vo qila olmaydi. Ilk o‘zbek romani sifatida tan olingan “O‘tkan kunlar” romani bunday ulug‘ sharafga muyassar bo‘lgach, uning ruhida bir qancha asarlar dunyo yuzini ko‘rdi. Biroq, ularning hech biri “O‘tkan kunlar” turgan shohsupaga ko‘tarilganicha yo‘q.
Oradan bir yarim asrdan ko‘proq muddat o‘tib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, betakror ijodiy uslub sohibi Tog‘ay Murod o‘z oldiga o‘zbek xalqiga haykal qo‘yadigan asar yozishni maqsad qildi. Bu yo‘lda u tinimsiz mehnat mashaqqati hamda og‘ir kamsitilishlarni boshidan kechirishiga to‘g‘ri keldi. Asar yaratilgach esa, turli siyosiy bosimlar, uni chop etmaslik azobi ham muallif yelkasiga og‘ir yuk bo‘ldi. Shunga qaramay, muallif asarni o‘zgartirmaslik fikrida qat’iy iroda namoyon etdi. Bu esa o‘zining ijobiy samarasini bermay qolmadi.
O‘zbek adabiyotshunoslik maktabining yorqin vakili, O‘zbekiston qahramoni Ozod Sharafiddinov bu asarga yuqori baho berdi. U Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani edi. Asardagi voqealar Dehqonqul obrazi tilidan hikoya qilinadi. Mazkur obrazga muallif o‘ziga xos missiya yuklagan. Hatto uning ismi ham ramziy ma’noga ega. Dehqon - qul. Darhaqiqat, sobiq sho‘ro davrida dehqonlar qullardan zarracha farq qilmagan. Gap shundaki, birgina Dehqonqul orqali ijodkor butun Turkiston, o‘zbek xalqi haqida o‘quvchida tasavvur uyg‘otadi. Dehqonqulning bobosi Jamoliddin ketmon oq poshshodan nafratlanib o‘tgan, otasi Aqrab qo‘rboshi esa yuzlarcha sho‘ro askarlarini yer bilan yakson qilib shahid bo‘lgan.
Sho‘ro hukumatining yirik vakili hisoblangan general Chaneshevni o‘z jasorati va vatanparvarligi bilan otdan tushishga majbur qilgan. Dehqonqul-chi, u sho‘ro hukumatiga sidqidildan xizmat qildi. Uning qoni-yu jonida dala, tuproq, ketmon yashardi. Onasidan, bolasi-yu ayolidan ko‘ra ko‘proq dalaga mehr qo‘ydi. Mo‘l-ko‘l hosil bilan SSR hukumati xirmonini to‘ldirdi. O‘shanda turkistonliklar qatorida o‘zbeklar ham mehnatlari samarasini ko‘zi ko‘rar edi-yu, og‘zi tegmas edi. Dehqonqul ham ana shundaylarning biri edi. U mehnat qildi, mashaqqat chekdi. Oqibatda ayoli barchasidan to‘ydi. Adolatsiz siyosat olovida bir umr yonishdan ko‘ra, o‘ziga o‘t qo‘yib hammasidan qutilishni afzal ko‘rdi. Bu barcha o‘zbek ayollarining achchiq dardi edi.
Dehqonqul shuncha uqubat-u yo‘qotishlari evaziga mukofotsiz qolmadi. Uni “xalq dushmani” degan tamg‘a bilan siylashdi. Uning ikkita iqrori bor ruhiy dunyosini namoyon etadi. “Kuydi-kuydi, ayolimning tani kuydi. Kuydi-kuydi, bolalarimning sho‘ri kuydi. Kuydi-kuydi, mening bag‘rim kuydi”. Yoki aytishga til bormas jazolarga duch kelganda tergovchiga qarata shunday degan edi:
“Qilmagan ishimni qilding dedingiz, bermagan poramni berding dedingiz. Dehqonda pul nima qilsin? Modomiki, qilmagan aybimga iqror bo‘lishim kerak ekan, eshitib qo‘ying. Sizday amaldorlar kuchukday bo‘ynini cho‘zib turganda o‘zbeklar oldiga suyak tashlagandirda. Bizning xalq mehmonni siylaydigan xalq”.
Umuman olganda, asarni o‘qish davomida haqiqiy o‘zbek xonadonida yashayotganday, dalalarda tinmay mehnat qilayotganday bo‘lasiz. Muallifning bu qadar xalqchil yozishni uddalaganiga tan beradi, kishi. Roman qahramonlari bilan tanishib iqror bo‘lasizki, ular darhaqiqat, o‘zbek xalqi, bag‘rikeng, sofdil va serg‘ayrat xalq. Muallif o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘vor maqsadiga yetganiga kitobni mutolaa qilgan har bir o‘quvchi iqror bo‘ladi. “Otamdan qolgan dalalar” romani millatimiz o‘tmishi, kechmishidir.
Qisqa qilib aytganda, tom ma’noda o‘zbek xalqiga haykal qo‘yishni uddalagan asar. Tog‘ay Murod esa buni uddalagan ijodkordir.
Sherbek Islomov
O‘zA