Rasmiyat emas, ijobiy natija lozim
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Nodira Rashidovaning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi xalq orasiga kirib borish, odamlarning dardu tashvishini tinglash, hududlarda kechayotgan jarayonlarni joyida ko‘rish va muammolarga amaliy yechim izlash jihatlari bilan e’tiborga molik bo‘ldi.
Tashrif davomida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va hududlardagi obodonlashtirish ishlari, mahalla tizimi faoliyati, fuqarolar murojaatlari joyiga chiqib o‘rganildi. Shuningdek, nuroniylar holidan xabar olindi.
Dastlab deputat O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida qoraqalpoq xalqining ardoqli farzandi Qallibek Kamalov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Qahramon va uning davri” nomli respublika amaliy-ilmiy konferensiyasida ishtirok etdi. Mazkur anjuman doirasida millat va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan insonlar hayoti, ularning ibratli faoliyati, ma’naviy merosi va bugungi avlod tarbiyasidagi ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritildi.

Tashrifning keyingi manzillaridan biri Qorao‘zak tumani bo‘ldi. Bu yerda deputat Berdaq mahallasi hududida “Mening bog‘im” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mazkur loyiha 2025-yilda “Tashabbusli byudjet” jarayonida g‘olib deb topilgan bo‘lib, bugungi kunda uni amalda to‘liq shakllantirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Tashrif chog‘ida bog‘ hududida yaratilgan sharoitlar, ekilgan daraxt va ko‘chatlarning holati, amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami va sifat jihatlari ko‘zdan kechirildi.
Tegishli mutaxassislar tomonidan loyihaning to‘liq bog‘ ko‘rinishiga kelishi uchun yana ma’lum vaqt zarurligi, bir necha oy ichida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari to‘liq yakunlanishi haqida ma’lumot berildi. Mahalla faollari bilan o‘tkazilgan muloqotda esa bog‘ni saqlash, uning infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholi uchun qulay va fayzli dam olish maskaniga aylantirish masalalari muhokama qilindi.
Nodira Rashidova Qorao‘zak tumanidagi tashrifi davomida Qorao‘zak mahallasida ham bo‘lib, “mahalla yettiligi” faoliyati bilan yaqindan tanishdi. U yerda aholi bilan manzilli ishlash, ijtimoiy himoya, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash, shuningdek, mahalla hududida amalga oshirilayotgan tadbirlar yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuvlarda hududdagi ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyati, aholi muammolarini aniqlash va hal etish mexanizmlari ham muhokama qilindi.

Shu bilan birga, uchrashuv doirasida “Soliq to‘lash — burchim” mavzusida ham muloqot o‘tkazildi. Unda soliqlarni o‘z vaqtida va to‘liq to‘lashning iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, hududlarni rivojlantirish, ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish va fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlashdagi o‘rni haqida tushuntirishlar berildi.
Tanishuv davomida Kegeyli tumani fuqarosi Quvandiq Nig‘metullayev tomonidan kadastr masalasi yuzasidan yo‘llangan murojaati ijrosi joyiga chiqib o‘rganildi. Mazkur murojaat avval ham o‘rganilib, uning sabablari aniqlangan edi. Bu galgi tashrifda esa muammoni amalda hal etish maqsadida tegishli mutaxassislar jalb qilinib, holat joyida tahlil qilindi.
Kegeyli tumanidagi tashriflar chog‘ida yana bir dolzarb masala — Qumshingul mahallasi aholisining ichimlik suvi tanqisligiga oid murojaati ham o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hududdagi 40 ta xonadon aholisi uzoq yillardan buyon ichimlik suvi yetishmovchiligidan qiynalib kelmoqda. Deputat muammoni hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rish zarurligi qayd etildi.

Tashrif doirasida nuroniylar va keksa avlod vakillariga ehtirom ko‘rsatish ishlari ham davom ettirildi. Inson qadrini ulug‘lash, ayniqsa, umrini el-yurt xizmatiga bag‘ishlagan, hayot tajribasi bilan jamiyatga ibrat bo‘lib kelayotgan keksalarga g‘amxo‘rlik qilish milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi hisoblanadi.
Jumladan, deputat Shashli Allamuratova hamda Ayimxan Sayimbetova xonadonida keksalarning salomatligi, yashash sharoiti, kundalik ehtiyojlari hamda bugungi islohotlarga munosabati haqida suhbatlashdi. Ularning hayot yo‘li, sabr-matonati, duolari va ezgu tilaklari har qanday islohotning ma’naviy tayanchi ekani shubhasiz. Bunday uchrashuvlar jamiyatda katta avlodga bo‘lgan hurmat-e’tiborni mustahkamlash, ularni e’zozlash va yosh avlod uchun ibrat manbaini saqlab qolish nuqtai nazaridan ham muhimdir.
Nodira Rashidovaning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi mazmunan keng qamrovli, amaliy jihatdan ahamiyatli bo‘ldi. Unda tarixiy xotira va ma’naviy merosga hurmat, obodonlashtirish loyihalarini o‘rganish, mahalla tizimi faoliyatini tahlil qilish, fuqarolar murojaatlarini joyida hal etishga intilish, shuningdek, keksa avlod vakillarini e’zozlash kabi ustuvor yo‘nalishlar o‘zaro uyg‘unlashdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.