O‘zbek jang san’ati – azaliy qadriyatlar majmuasi
Mamlakatimizda jismonan va ma’nan barkamol, o‘z salohiyati va mustahkam e’tiqodiga ega bo‘lgan sog‘lom avlodni tarbiyalash yangi Uyg‘onish – Renessans davrining eng ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Mazkur zalvorli va mas’uliyatli vazifani ado etish, yurtimizning barcha hududlarida jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish, keng aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Eng zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlangan inshootlarda farzandlarimizni emin-erkin shug‘ullanishi, yoshi ulug‘ otaxonu-onaxonlarimizni o‘z sog‘liklarini tiklashi, malakali murabbiylar ko‘magida iqtidorli sportchilarimizning Olimpiada, Osiyo o‘yinlari va nufuzli xalqaro musobaqalarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarilishi uchun barcha sharoitlarning hozirlangani kishi ko‘ngliga taskin beradi.
Yurtimizda boks, taekvondo, dzyudo, og‘ir va yengil atletika, futbol kabi an’anaviy sport turlari takomili barobarida tamoman yangi qishki va murakkab sport turlari, triatlon, biatlon, tog‘ chang‘isi, muz ustida xokkey, snoubord kabi sport turlarining jadal takomiliga katta ahamiyat berilmoqda. Ammo sport turlari ichida ikkita sof milliy, o‘zbekona sport turi ham borki bu jahon hamjamiyati tomonidan katta qiziqish va ishtiyoq bilan o‘rganilmoqda. Bu milliy kurash va o‘zbek jang san’atidir.
O‘tgan asrning 80 yillari boshida yurtimizda pinhona-yashirin shaklda karate sport turi kirib keldi. Jonkuyar murabbiylar mavjud tuzum tazyiqlaridan qo‘rqib bu sport turini pinhona yopiq zallarda, ba’zan o‘z uylarida qiziquvchan yoshlarga o‘rgatishardi. Xorijdan olingan badiiy va videofilmlar orqali bu sportning sir-sinoatini o‘rganishga harakat qilishardi. O‘sha vaqtda yosh o‘spirin yigitcha bo‘lgan Po‘lat Usmonov jang san’atlari bilan qiziqib karate, ushu, kikboksing kabi sport turlarini qunt bilan o‘rgandi. Jangovar sport turlarining tarixini izchil o‘rgangan Po‘lat Usmonovga bir muammo tinchlik bermasdi: “Nega qadim tarix va boy merosga egalik qilgan ulug‘ ajdodlarimiz Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur va temuriy shahzodalar, ulug‘ shoir Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z jangu jadallarida qo‘llagan jangovar sport turini o‘rganmaymiz? Ular qo‘llagan jangovar usullar va shug‘ullangan sport turlarini qachon o‘rganamiz?”.
Бу yoshlikdagi azaliy orzusini Po‘lat Usmonov istiqloldan so‘ng asta-sekin,bosqichma-bosqich, ro‘yobga chiqara boshladi. 2000 yillarning boshida jonkuyar murabbiy, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Po‘lat Usmonovning sa’y-harakati va tashabbusi bilan o‘zbek jang san’ati sof milliy sport turi sifatida o‘zbek sportiga olib kirildi. O‘zbek jang san’ati bizga azaliy ajdodlardan meros bo‘lib kelgan o‘ziga xos qadriyat va milliy sport turi bo‘lib, insonning jismoniy va ma’naviy kamolotini ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi. Bu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi muhim yo‘nalishlardan biri sanaladi.
O‘zbek jang san’atining o‘z kelib chiqishi, ildizi, rivojlanish yo‘llari bor. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Yaratgandan madad so‘rash, jangchilarning ruhiy va jismoniy tayyorgarligini ta’minlash maqsadida ov oldidan o‘yin va mashqlar o‘tkazilgan bo‘lsa, jangdan keyingi mashqlar va raqslar shukronalik marosimi tarzida bajarilgan. Ushbu o‘yin jarayonida ibtidoiy odamlar o‘ljaga osongina yaqinlashishni o‘rgandilar, ular niqob kiyib hayvon qiyofasini olishdi va hayvonlarning xatti-harakatlariga taqlid qilishdi. “Ilon ovlovchi laylak” kabi mashhur taqlid raqslari “Laylak”, “Kichkinajon”, “Qadi badbaxt”, “Beshqarsak”, “Lazgi”, “Tayoq o‘yini” kabi qadimiy raqslarning kelib chiqishini o‘rganayotgan tadqiqotchilar bu raqslarni talqin qilishga moyil bo‘lib, qadimiy ov raqslarini ularning marosimlari bilan bog‘laydi. Jang san’ati usullari va mashqlari tizimi ana shu ovchilik faoliyati asosida shakllangan.
Olimlar “Lazgi”, “Beshqarsak”, “Davra raqsi”, “Andijon raqsi”, “Farg‘ona dilxiroji” tarixini qadimgi jangovar raqslar bilan bog‘laydilar. Bir qator tadqiqotlar jang san’atining ildizlarini xalq o‘yinlari bilan bog‘laydi. Harbiy yurishlar oldidan turli jang san’atlari bo‘yicha raqs o‘yinlari tashkil qilinardi. Ularda asosan yosh bolalar qatnashar, raqs harakatlarini bajarish uchun esa epchillik, chaqqonlik va mahorat talab etilardi. Qilichbozlik, pichoq otish, tosh otish, kamondan otish ham katta ahamiyat kasb etgan. Samarqandda tashkil etilgan “Hurkach” kabi o‘yinlar qadimda juda mashhur bo‘lgan.
Xalq amaliy san’atining barcha turlari jang san’atining turli qirralari va ildizlarini o‘zida aks ettiradi. Og‘zaki xalq ijodining bir nechta namunalarida ushbu jang san’atining mashhur shaxslari, tasvirlari, usullari va ko‘rinishlari namunalari bo‘lmish “Alpomish” va “Go‘ro‘g‘li” asarlarida Alpomish va Go‘ro‘g‘li qahramonlari qahramon jangchi sifatida namoyon bo‘ladi. Jangchi qahramonning asl qiyofasi, xalq ideali, eng avvalo, qahramonning adolat, yorug‘ kelajagi, xalq ravnaqi uchun kurashida namoyon bo‘ladi. Alpomish Barchinoy uchun olib borgan jangida o‘q otish kurash bo‘yicha Kash’al o‘lkasining to‘qson devini yengib Toychixon qo‘shinini bir o‘zi mag‘lub etadi. Go‘ro‘g‘lining son-sanoqsiz dushman qo‘shinlariga qarshi yakka o‘zi jang qilgani, uning tengsiz qilichboz, nayzaboz, kamonchi bo‘lganligi dostonlarda tarannum etilgan.
O‘zbek jang san’atining eng mukammal ko‘rinishini Amir Temur davridan qolgan “Ming askar” jang san’ati tizimi va falsafasi misolida yanada yorqinroq ko‘rish mumkin. Kurashning bu yangilangan tizimi temuriylarning jang usullarining eng yaxshi, mukammal harakatlarini o‘zida mujassam etgan. Har qanday saltanat aql, adolat va kuchga asoslanadi. Saltanatning qudrati birinchi navbatda jasur askarlarda namoyon bo‘ladi. Amir Temur o‘z qo‘shinining o‘zagini tashkil etgan uch yuz o‘n uch alohida askarni alohida ta’kidlab o‘tgan edi. “Atrofimda uch yuz o‘n uch olijanob mard, zukko yigitlarni to‘pladim” hammasining maqsadi, intilishi, so‘zi amali bir edi. Toki ishni oxiriga yetkazmaslikka qaror qildilar. O‘zining “Amir Temur”tuzuklarida bu saralangan jangchilarning beqiyos jasoratini bir necha bor ta’riflagan. Ular zakovat ustalari, mohir sarkardalar, Temurning buyrug‘i bilan qo‘shin safini buzib tashlagan xalq bo‘lib, yuz nafari yuzboshi etib tayinlanganlar. Yuzta askardan, yuztasi mingboshi (ming askar qo‘mondoni) o‘n ikki nafari amir ul-umaro etib tayinlangan. Tarixchilar Amir Temurning oz sonli askarlari bilan dushmanlarining katta qo‘shinlarini yengib, qal’alarni egallab olganiga bir qancha misollar yozib qoldirgan.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, jonkuyar inson va fidoyi olim Po‘lat Usmonov tomonidan tayyorlangan “O‘zbek jang san’ati” nomli o‘quv qo‘llanmasi milliy-ma’naviy qadriyatlarni o‘zida jamlagan sport turiga bag‘ishlangan kitobdir. Mazkur o‘quv qo‘llanmaning ikki muhim jihati uning jismoniy tarbiya va sport sohasidagi zaruriyatini belgilaydi.
Birinchisi o‘quv qo‘llanma uzoq tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan, asrlar davomida sayqallanib rivojlangan, ammo sho‘ro tizimining noqobil siyosati bois keng jamoatchilikdan pinhona tutilgan milliy harakatli o‘yinlar va milliy ruhni o‘zida jamlagan o‘zbek jang san’ati tarixini yorita olgan.
Ikkinchisi o‘quv qo‘llanmada mazkur sport turining kelib chiqish tarixi, takomil bosqichlari va bugungi holati, mashg‘ulotlar metodikasi va uslubiyati tahlil etilgan.
Shuningdek qo‘llanmada o‘zbek jang san’atining ulug‘ allomalar va va sarkardalar nomi bilan atalgan alohida mashq turlari, ularning bajarish harakat va holatlari, turli jangovar qurol-aslahalar bilan mashq qilish usullari rangli bezakli tarzda ko‘rsatib berilgan. Eng muhimi o‘quv qo‘llanmada bu sport turi bilan shug‘ullanishni istovchilar uchun mashg‘ulotlarni bajarish texnikasi, taktikasi va o‘ziga xos jihatlari batafsil yoritilgan. Bu sport turini tamoman yangilik sifatida keng jamoatchilik va mutaxassislar tomonidan tadqiq etishga ehtiyoj va zarurat bois mazkur kitob talaba yoshlar hukmiga havola etildi.
Nodir G‘afforov,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va
sport universiteti O‘zbek va chet tillari
kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor