OAV vakillari universitetda
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari Samarqanddavlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida barpoetilgan 400 o‘rinli yangi talabalarturar-joyidagi sharoitlar bilan tanishishdi.
Bugun mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib ta’lim va yashash sharoitlarini yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bejiz emas. Zero, qulay muhitda ta’lim olgan yoshlar ertangi taraqqiyotning eng mustahkam poydevoridir. So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, zamonaviy infratuzilmaning barpo etilishi bu boradagi ishlarning izchil va puxta reja asosida olib borilayotganini ko‘rsatmoqda.
Zamonaviy me’moriy yechimlar asosida barpo etilgan mazkur inshoot talabalar uchun qulay, motivatsiya bag‘ishlovchi muhit sifatida ahamiyatli hisoblanadi. Aytish joizki, ushbu yirik ijtimoiy loyihaning qurilish ishlari 2024-yilda boshlanib, qisqa muddatda 2026-yilda to‘liq yakunlandi.

Tadbir davomida o‘quv yurtining Ishlar boshqarmasi boshlig‘i B.Janibekov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i B.Paluaniyazov hamda “ARGONYA” mas’uliyati cheklangan jamiyati moliya direktori M.Qallibekova tomonidan ob’ektning barpo etilishi, uning maqsadi va talabalar hayotidagi ahamiyati yuzasidan atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilgan bo‘lib, bugungi kunda ta’lim sohasida samarali hamkorlik namunasi sifatida e’tirof etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 28 milliard so‘mdan ziyodni tashkil etadi.
To‘rt qavatli ushbu zamonaviy turar-joy barcha talablarga javob beradigan infratuzilmaga ega. Bu yerda talabalar uchun ma’naviyat xonasi, dam olish hududlari, sanitariya-gigiyena xonalari, zamonaviy jihozlangan oshxona hamda tezkor internet tarmog‘iga ulangan.
Tadbir ishtirokchilari yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, bunday zamonaviy infratuzilma ob’ektlari yoshlar kelajagini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.