Ostona sammiti mavzusi – Markaziy Osiyoning ekologik kelajagi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan Ostona shahriga amaliy tashrif bilan yo‘l oldi. Ikki kunlik safar davomida davlatimiz rahbari mintaqamizning ekologik kelajagi belgilanadigan ikki muhim xalqaro anjuman – Mintaqaviy ekologik sammit (RES 2026) hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) ta’sischi davlatlari rahbarlari Kengashi yig‘ilishida ishtirok etadi.
Kun tartibi: ekologiyadan hamkorlikka
Ostonadagi tadbirlar jadvali izchil va sermazmun. 22-aprel kuni Prezident Qosim-Jomart Toqayev raisligida OQXJ ta’sischi davlatlar rahbarlari Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Anjumanda Qozog‘istonning 2024-2026-yillardagi raisligi davri bo‘yicha hisobot tinglanadi. Yig‘ilishda Sirdaryo va Amudaryo havzalarida suv resurslarini hisobga olish, monitoring qilish va taqsimlashning yagona avtomatlashtirilgan tizimini bosqichma-bosqich joriy etish masalasi ham ko‘tarilishi kutilyapti. Shuningdek, Markaziy Osiyoda suvdan foydalanish bo‘yicha asosli konvensiya loyihasi muhokama qilinadi. Bu hujjat suv resurslaridan oqilona foydalanish, transchegaraviy zararning oldini olish va gidrologik ma’lumot almashinuvi tamoyilini rasmiylashtirishni nazarda tutadi.
22-24-aprel kunlariga belgilangan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti strategik sherikligi ko‘magida o‘tkazilayotgan “Barqaror kelajak uchun umumiy qarash” mavzusidagi Mintaqaviy ekologik sammitda mintaqamiz davlatlari rahbarlaridan tashqari BMT huzuridagi sakkiz agentlik, xalqaro moliyaviy institutlar vakillari va mutaxassislar ishtirok etadi. Mazkur tadbir kun tartibiga mintaqamiz uchun hayotiy ahamiyatga ega masalalar kiritilgan: suv tanqisligi, muzliklar erishi, yer degradatsiyasi, biologiya xilma-xilligi yo‘qolishi, shuningdek suv, energetika va oziq-ovqat tizimlarining bir-biriga bog‘liqligidagi muammolar.
Anjuman yuqori darajadagi ishtirokchilarni jamlaydi. Xususan, BMT Bosh kotibining iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Li Junxua, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Feridun Sinirli o‘g‘li, JSST Bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus, Jahon meteorologiya tashkiloti Bosh kotibi Seleste Saulo va Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi Bosh kotibi Doren Bogdan-Martin ishtirok etishi e’lon qilingan.
Prezidentimiz nutqlarida aks etadigan asosiy masalalar
Ma’lum qilinishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev anjumanlarda O‘zbekiston nomidan mintaqaviy ekologik hamkorlik, iqlim o‘zgarishiga moslashish va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha taklif va tashabbuslarni ilgari suradi. Zero, davlatimiz rahbari ushbu masalalarni nafaqat mintaqaviy, balki butun insoniyat kelajagiga daxldor muammo sifatida baholab kelmoqda. Mintaqamiz duch kelayotgan ekologik tahdidlarga qarshi kurashda birgalikdagi, tizimli va natijaga yo‘naltirilgan harakatlar zarurligini bot-bot ta’kidlaydi.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda ayni yo‘nalishda aniq va salmoqli natijalarga erishdi. Orol dengizining qurigan ikki million gektarga yaqin maydonida saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklari ekilib, tuz-chang ko‘chishi sezilarli darajada kamaytirildi. Mamlakatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili o‘nlab millionlab daraxt va buta ko‘chati ekilmoqda. 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan milliy ekologik strategiya qabul qilinib, toza havo, ko‘kalamzorlashtirish va barqaror resurslardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Milliy pavilonlar ko‘rgazmasi: tajriba va texnologiya namoyishi
Sammit doirasida tashkil etilayotgan Xalqaro yashil texnologiya va milliy pavilonlar ko‘rgazmasi alohida ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev milliy pavilonlarga tashrif buyuradi va ishtirokchi mamlakatlarning ekologik texnologiyalar sohasidagi ilg‘or ishlanmalari bilan tanishadi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston paviloni qayta tiklanuvchi energiya, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari, yer degradatsiyasiga qarshi kurash usullari, shuningdek Orol bo‘yida saksovul plantatsiyalari barpo etish borasidagi tajribani taqdim etadi. Bu respublikamiz tomonidan mintaqaviy va xalqaro hamjamiyat bilan ochiq yondashuvda tajriba almashish sari qo‘yilayotgan amaliy qadamdir.
Ikki tomonlama munosabat: ishonchga asoslangan ittifoqchilik
Ostonaga tashrif O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatning yuqori darajasi va izchilligini yana bir bor yorqin namoyish etmoqda. Zero, atigi o‘n kun avval, 11-aprel kuni Prezident Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekistonga amaliy tashrif buyurdi.
Qadim Buxoroda o‘tgan oliy darajali muzokara natijasida Prezidentlar Qo‘shma bayonot imzoladilar. Shuningdek, Oliy davlatlararo kengash tomonidan geologiya, nodir yer metallari qazib olish, transchegaraviy daryolar oqimini nazorat qilish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzish va Hududlar rahbarlari kengashini ta’sis etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Imzolangan yakuniy hujjatlar to‘plami – Transchegaraviy suv ob’ektlarini birgalikda boshqarish va suvdan oqilona foydalanish, Bojxona xizmati vakolatxonalarini ochish, Qo‘shma harbiy o‘quv mashqlari o‘tkazish, Qo‘shma investitsiya platformasi yaratish, Tog‘-kon sanoatida hamkorlikni rivojlantirish, Toshkent shahar hokimligi va Ostona shahar hokimligi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, “O‘zbekneftgaz” va “Kazmunaygaz” aksiyadorlik jamiyatlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi bitimlar o‘zaro munosabatning hozirgi keng ko‘lami va teranligini ifodalaydi.
Mazkur muhim hujjatlar transchegaraviy suv ob’ektlarini birgalikda boshqarishdek mintaqamizning bugungi kundagi eng dolzarb muammosini huquqiy jihatdan muvofiqlashtiradi. Shu tariqa Buxoroda ilgari surilgan g‘oyalar Ostonada qabul qilinadigan qarorlar uchun mustahkam zamin yaratdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabati savdo-iqtisodiy aloqa, sanoat kooperatsiyasi, transport-tranzit, raqamli infratuzilma, energetika, agrosanoat, madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanmoqda. Ikki mamlakat mintaqaviy jarayonning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va farovonlikka erishishning keng qamrovli dasturini izchil amalga oshirib kelmoqda.
Kutilayotgan natija: deklaratsiya, dastur va yangi mexanizm
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tomonidan imzolanadigan mintaqaviy ekologik hamkorlik masalalari bo‘yicha Qo‘shma deklaratsiyasi anjumanning eng muhim yakuniy hujjati sifatida e’tirof etilmoqda. Shuningdek, BMT bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturi ham taqdim etiladi. Mazkur hujjat mintaqamizning barqaror va iqlimga chidamli kelajagini ta’minlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni jamlaydi.
OQXJ yig‘ilishi doirasida esa suv-energetika sohasida yangi bosqichni belgilovchi qarorlar qabul qilinishi, jumladan jamg‘arma faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha islohot boshlash masalasi muhokama qilinishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston yillar davomida tuzilmani institutsional isloh qilish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surib kelmoqda. Endi shu takliflar amaliy bosqichga ko‘chadi.
Tashrif davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari alohida ikki tomonlama uchrashuv ham o‘tkazadi. Bu gal mezbonlik Ostona shahri zimmasida. Muzokarada Buxorodagi kelishuvlar ijrosi, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va transchegaraviy suv resurslarini boshqarish kabi dalzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.
Xulosa o‘rnida…
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ostonaga amaliy tashrifi va davlatimiz rahbari ishtirok etadigan ikki yirik xalqaro anjuman – Mintaqaviy ekologik sammit (RES-2026) hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari Kengashi Markaziy Osiyoning ekologik kelajagi uchun tarixiy ahamiyatga ega bosqichdir. Bu tadbirlar natijasi nafaqat mintaqamiz, balki butun qit’aning barqaror taraqqiyoti sari qo‘yilajak keyingi qadamlarni belgilaydi.
O‘zbekiston bu jarayonning faol ishtirokchisi va tashabbuskori sifatida o‘z tajribasi, texnologik yutuqlari va siyosiy irodasi bilan mintaqaning umumiy ekologik muvaffaqiyatiga sezilarli hissa qo‘shmoqda. Ostona anjumanlari shu yo‘ldagi yana bir muhim bosqich, kelajak avlodlarga sof havo, toza suv va yashil zamin qoldirish yo‘lidagi intilish ifodasidir.
Abduaziz Xidirov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi magistranti
O‘zA